Jahon | 09:30
743
2 daqiqa o‘qiladi

“Kommersant”: Rossiya Armanistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatishi mumkin

Rossiya Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv siyosati davom etsa, Yerevanga gaz, neft mahsulotlari va qayta ishlanmagan olmoslarni bojsiz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni bekor qilishi mumkin. Bu haqda “Kommersant” nashri Rossiya energetika vaziri Sergey Tsivilevning Armaniston hududiy boshqaruv va infratuzilmalar vazirligiga yo‘llagan xatiga tayanib xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Ma’lum qilinishicha, mazkur bojsiz yetkazib berish rejimi 2013 yildan buyon amal qilib kelmoqda. Ammo Moskva hozirda Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qadamlari Rossiya–Armaniston savdo-iqtisodiy munosabatlariga tahdid solayotganini ta’kidlamoqda.

“Kommersant” keltirgan iqtiboslarga ko‘ra, Rossiya tomoni Armanistonning YeIga a’zo bo‘lish istagi ikki davlat o‘rtasidagi yuqori darajadagi iqtisodiy va investitsion hamkorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirgan.

2013 yilgi kelishuvga muvofiq, Rossiya Armanistonga ichki iste’mol uchun zarur hajmda gaz va neft mahsulotlarini eksport bojisiz yetkazib kelgan. Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarni uchinchi davlatlarga qayta eksport qilish taqiqlangan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Armaniston hozirda Rossiya gaziga deyarli to‘liq bog‘liq bo‘lib, neft mahsulotlarining asosiy qismi ham Rossiyadan import qilinadi.

Shu kuni Rossiya Davlat dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy ham Armaniston Rossiyaning strategik ittifoqchisi maqomini yo‘qotsa, arman fuqarolari uchun Rossiyadagi imtiyozli mehnat va yashash tartiblari bekor qilinishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq Rossiya Armanistondan ayrim mahsulotlar — jumladan, vino, konyak, sabzavot, meva va gullar importiga cheklovlar kiritgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Yerevan Yevropa Ittifoqi yoki Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida tanlov qilishi kerakligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid