07:40 / 03.02.2022
3742

USAID O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash uchun 10 million dollarlik tashabbusni ishga tushirdi

O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) yangi dasturini ishga tushirdi. Besh yilga mo‘ljallangan dasturning umumiy qiymati 10 million AQSh dollariga teng.

Foto: uz.usembassy.gov

“USAID O‘zbekiston hukumatini inson kapitali salohiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan ishlarda qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakat yoshlarining mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelishida o‘z hissasini qo‘shish imkoni yaratilganidan juda mamnun”, dedi USAID’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit.

Yangi tashabbus 2022 yil yanvar oyida boshlangan bo‘lib, maktabning 8-11-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston iqtisodiyotida malakali ishchi yoki tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi. Dastur maktabda va maktabdan tashqarida o‘quvchilarning maktabni bitirganidan so‘ng ishga muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashga qaratilgan. 

Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan dastur qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joylaridagi rolini yanada oshirishga, ularning salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan. 

Dastur, shuningdek, xususiy sektor bilan yaqindan hamkorlik qilib, Xalq ta’limi vazirligi xodimlarining dastur har bir bosqichida ishtirok etishi va uning barqarorligini ta’minlash uchun salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Amerika kengashlari ushbu tashabbusning barcha jabhalarida USAID’ning ta’lim bo‘yicha asosiy hamkori Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Dasturni amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy tashkilotlar jamoasi loyihaga jalb qilinadi. Yoshlar mehnat resurslarini rivojlantirish va tadbirkorlik sohasida global darajadagi tajribaga ega bo‘lgan texnik hamkor sifatida – “World Learning” xalqaro tashkiloti xizmatlaridan foydalaniladi.

Loyiha besh yil davomida Amerika kengashlari mehnat bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish, natijalarni monitoring qilish va ularni baholash, ayollar va qizlar, nogironligi bor shaxslarning mehnat bozoriga jalb etilishini ta’minlash uchun mahalliy ekspertlar bilan ishlaydi. Maslahatchi, murabbiy sifatida jalb etiladigan va amaliyot o‘tash joylarini ta’minlaydigan kompaniyalar, xususiy sektor bilan ishlashda davlat idoralariga ko‘mak ko‘rsatiladi.

Top