O‘zbekiston | 14:03 / 05.02.2022
4504
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni onlayn olish va tiklash imkoniyati yaratiladi

2022 yilda xorijdagi O‘zbekiston va chet el fuqarolariga konsullik xizmatlarini ko‘rsatishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy qilinadi. Bu haqda «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» prezident farmonida aytiladi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik muassasalarida quyidagi imkoniyatlar yaratilishi nazarda tutilgan:

-        xorijda doimiy qolishni ixtiyor qilgan O‘zbekiston fuqarolariga idoralararo axborot tizimlarining bevosita integratsiyasi asosida hujjatlarini onlayn topshirish/olish imkonini berish;

-        hujjatini yo‘qotgan fuqarolarning shaxsini diplomatik va konsullik muassasalari o‘zida onlayn aniqlash va hujjatlarni tiklashda tezkor yordam ko‘rsatish;

-        diplomatik va konsullik muassasalarida infokiosklar o‘rnatilib, O‘zbekiston fuqarolari tomonidan ayrim konsullik hujjatlarining (ma’lumotnomalar, so‘rovnomaga javoblarni) konsullik xodimlari ishtirokisiz maxsus qurilmalar orqali olishni ta’minlash;

-        O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kompyuter tizimlari axborot xavfsizligini takomillashtirish, zarur bo‘lgan texnikalar va yuqori tezlikka ega bo‘lgan Internet kanali bilan ta’minlash.

Shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining xizmat ko‘rsatish qamrovi kengaytiriladi:

-        O‘zbekistonning xorijdagi yangi konsullik muassasalari, xususan Bosh konsulxonalar ta’sis etiladi;

-        bosh konsulxonalar xodimlari soni oshiriladi;

-        ba’zi elchixonalar shtat jadvallariga bittadan yangi konsul shtat birligi kiritilishi nazarda tutilgan.

2022 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu chora-tadbirlar xarajatlari davlat budjeti hamda diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Farmonning ushbu bandlari ijrosi ustidan nazorat Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari B.Usmanov va bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqovga yuklatilgan. Tashqi ishlar, IIV, Adliya, AKT va Moliya vazirliklari hamda Davlat personallashtirish markazi bevosita ijrochilar hisoblanadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid