O‘zbekiston | 19:27 / 08.02.2022
24903
6 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkor hokimdan Senat raisigacha - kim qaysi sport turiga mas’ul?

O‘zbekistonda shakllangan an’analarga muvofiq, sport turlariga umumiy rahbarlik katta-katta lavozim egalarining zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat sifatida yuklab kelinadi.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 8 fevral kuni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi etib saylandi. Kun.uz mazkur yangilikdan so‘ng mamlakatda qaysi amaldor qaysi sport turiga mas’ul qilib belgilanganiga nazar soldi.

O‘zbekistonda 20dan ziyod sport federatsiyalari (uyushmalari) bor, ularning aksariyatiga taniqli shaxslar raislik qiladi. Ayrim arboblarga sport federatsiyasi raisligidan tashqari qo‘shimcha bir nechta lavozimlar yuklatilgan.

Tanzila Norboyeva / Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston velosport federatsiyasi rahbari hisoblanadi.

Aziz Abduhakimov / Foto: KUN.UZ

2021 yildan boshlab turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Shaxmat federatsiyasiga raislik qilib keladi. U bir vaqtning o‘zida Badminton federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Abduhakimov, shuningdek, Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti rektori hamdir.

Sodiq Safoyev / Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston Regbi federatsiyasi raisi lavozimida ishlaydi. U federatsiyaga 2017 yildan beri rahbar. Bundan tashqari, taniqli diplomat bugungi kunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori ham hisoblanadi.

Ochilboy Ramatov / Foto: KUN.UZ

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Boks federatsiyasi raisi hisoblanadi, u bu lavozimni 2012 yildan beri egallab keladi. Bundan tashqari, Ramatov 2018-2019 yillarda Futbol federatsiyasi raisi ham bo‘lgan.

Abdusalom Azizov / Foto: KUN.UZ

Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov esa 2019 yildan beri O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti hisoblanadi.

Ruslanbek Davletov / Foto: KUN.UZ

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov O‘zbekiston basketbol federatsiyasiga raislik qiladi. Unga bu lavozim 2017 yilda vazir etib tayinlanganidan bir yil o‘tib berilgan.

Rustam Jo‘rayev
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi hisoblanadi (2020 yildan buyon). Rustam Jo‘rayev ayni paytda kamondan otish federatsiyasiga ham raislik qiladi (2021 yil sentyabrdan buyon).

Botir Zokirov / Foto: KUN.UZ

Qurilish vaziri Botir ZokirovO‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi. Vazir bu lavozimda 10 yildan beri faoliyat yuritadi.

Oybek Qosimov

2021 yilda Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston tekbol federatsiyasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov mazkur sport tashkilotining prezidenti bo‘ldi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev / Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston yoga federatsiyasining raisi hisoblanadi. 2020 yildan beri mazkur lavozim uniki.

Oybek Norinboyev

Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Oybek Norinboyev O‘q otish federatsiyasi raisi hisoblanadi. U bu lavozimda 2019 yildan beri faoliyat yuritadi.

Bahodir Qurbonov / Foto: KUN.UZ

2020 yildan beri MMA (O‘zbekiston aralash jang san’ati assotsiatsiyasi)ga O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov raislik qiladi.

Viktor Mahmudov

Triatlon federatsiyasi raisligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov 2020 yilda saylangan.

Otabek Umarov / Foto: KUN.UZ

2019 yilda tashkil qilingan MMA assotsiatsiyasiga Prezident xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari Otabek Umarov rais etib saylangandi. U 2020 yilda MMA va triatlon federatsiyasi rahbarligini tark etdi.

Alisher Sultonov

Energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston Baydarka va kanoeda eshkak eshish (Rowing&Canoe) federatsiyasi raisi hisoblanadi, u bu lavozimga 2020 yilda saylangan. Energetika vaziri 2017 yilda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti hamda 2018-19 yillarda qo‘mita vitse prezidenti lavozimlarini egallagan.

Alisher Mirsoatov

O‘zbekiston Milliy banki raisi Alisher Mirsoatov – O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisi hamdir. U bu lavozimga 2020 yilda saylangan.

Abduqodir Toshqulov

2022 yildan oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi. Voleybol federatsiyasi raisi lavozimi o‘rni uning avvalgi raisi, sobiq jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevning 2021 yil 29 yanvar kuni vazirlikdan ketganidan keyin bo‘sh qolayotgandi.

Mehriddin Abdullayev / Foto: KUN.UZ

Sport federatsiyalaridagi so‘nggi tayinlov, yuqorida aytganimizdek, Yengil atletika federatsiyasida ro‘y berdi. O‘zbekistonda yengil atletika sohasi uchun javobgarlik 8 fevral kuni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevga yuklatildi.

Qo‘shimcha ma’lumot: 2021 yilda Rossiyalik milliarder, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti lavozimiga saylandi. U 2008 yildan beri xalqaro miqyosda qilichbozlik sport turining rahbari sanaladi. Usmonov 2012 va 2016 yillarda bu lavozimga qayta saylangan.

Mavzuga oid