14:18 / 11.02.2022
7803

Shavkat Mirziyoyev: «Maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart»

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda Yunusobodning Yunus-ota ko‘chasida 2020 yilda 4 ta avtohalokat sodir bo‘lgan bo‘lsa, 1 dona svetofor o‘rnatish orqali 2021 yilda birorta avariya bo‘lmagani, Kichik halqa yo‘lining lak-bo‘yoq korxonasi qarshisida qarama-qarshi yo‘lni ajratuvchi to‘siq o‘rnatish orqali avariyalarga barham berilgani misol qilib keltirildi.

“Mana sizga ilmiy yondashuv va oddiy tahlil bilan yechim”, dedi davlat rahbari.

Poytaxt va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini ilmiy asoslanib belgilash lozimligi qayd etildi. Jumladan, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 kilometrdan oshmasligi shart. Ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 kilometr soatdan 60 kilometrgacha tushirish zarurati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sohani ilmiy yondashuv asosida takomillashtirish maqsadida Transport universiteti bilan hamkorlikda uch oy muddatda Ilmiy-amaliy markaz tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Viloyatlardagi transport kollejlarida xuddi shunday hududiy markazlar ochiladi, ularga YHXB boshliqlari rahbarlik qiladi.

"Umuman olganda, masalani muhimligini inobatga olib, bosh vazir rahbarligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi va ichki ishlar vaziri unga o‘rinbosar bo‘ladi", dedi Prezident.

Hududiy komissiyalarga viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari rahbarlik qiladi. 

Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma, avariya o‘choqlari, sodir etilgan qoidabuzarliklardan kelib chiqib, har oyda harakat xavfsizligi, transport va yo‘l sohalariga mas’ul idora rahbarlarining hisobotini tanqidiy eshitib, mahalliy kengashlarda muhokama qilib boradilar.

Ayni paytda yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar va belgilab berilgan vazifalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglanmoqda.

Top