CIT: Ukraina chegaralari tomon tanklar armiyasi jo‘natildi
Rossiya harbiylari 1-gvardiya tank armiyasi texnikalarini Voronej yaqinidagi poligondan Ukraina chegaralari tomon jo‘natdi. Bu haqda Conflict Intelligence Team (CIT) surishtiruv guruhi xabar bermoqda.
11 fevral kuni e’lon qilingan videoda Voronej tashqarisidagi Maslovka stansiyasida «Msta-S» rusumli o‘ziyurar gaubitsalari va T-80U rusumli tanklar ortilgan eshelonni ko‘rish mumkin.
Shuningdek, 4-gvardiya tank diviziyasi tarkibidagi tanklarni Belgoroddagi poyezdlarda ko‘rishgan. CIT ma’lumotiga ko‘ra, eshelonlar bu yerga Moskva oblastidagi Selyatino va Kubinka-2 stansiyalaridan kelgan, bu esa Ukraina chegarasiga ko‘p miqdorda qo‘shimcha texnikalar tashilayotganidan darak beradi. Belgorod oblasti hududiga Smolensk oblastidagi (bu yerda 49-zenit-raketa brigadasi joylashgan) Krasniy Bor stansiyasidan ham bir eshelon kelgan.
«Bu texnikalarning chegara tomon surilishi ayniqsa Amerika razvedkasining keyingi haftada Ukrainaga qarshi amaliyot boshlanishi kutilayotgani haqidagi ogohlantirishi va xorijiy elchixonalar Kiyevdan evakuatsiya qilinishi fonida jiddiy xavotir uyg‘otadi», — deya xulosa qiladi CIT tahlilchilari.
- G‘arb mamlakatlari 2021 yil kuzidan buyon Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotgani va bu qo‘shni mamlakat hududiga bostirib kirishga tayyorlanish bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqda. CIT bir necha marta Rossiya ichki hududlaridan g‘arbiy chegaralariga harbiy qismlar va texnikalar tashlaganini qayd etgandi. AQSh hukumati 16 fevral Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish sanasi sifatida belgilanganini tusmol qilgan. Moskva Ukrainaga bostirib kirish rejalari borligini inkor etgan va qo‘shinlarini chegaraga jo‘natishini harbiy mashg‘ulotlar bilan izohlagan. Mintaqada vaziyat keskinlashuvi fonida Rossiya tashabbusi bilan AQSh hamda NATO ishtirokida Yevropada xavfsizlik kafolati bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda.
Mavzuga oid
14:10
NYT: Rossiya-Ukraina urushi boshi berk ko‘chadan chiqdi
18:15 / 02.11.2024
Ramzon Qodirov Ukraina jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qildi
10:30 / 02.11.2024
AQSh Ukrainaga 425 mln dollarlik yangi yordam paketini taqdim etmoqda
08:40 / 02.11.2024