Jahon | 21:16
985
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya propagandasi Voronejga zarbani e’tiborsiz qoldirdi

Mudofaa zavodiga qilingan hujum oqibatida besh kishi halok bo‘lgan. Bu haqda televizorda hech narsa deyilmagani Z-blogerlarning ham jahlini chiqardi.

Exilenova+

Telekanallar

Rossiyadagi federal kanallar Ukraina qurolli kuchlarining Voronej bo‘ylab yo‘llagan raketa zarbasini e’tiborsiz qoldirdi. Birinchi kanal, «Rossiya 1» va NTV telekanallarining 22 va 23 iyun kungi yangiliklar dasturidan ushbu zarba haqida xabar o‘rin olmagan. Mahalliy rasmiylarning hujum va uning oqibatlari yuzasidan rasmiy hisoboti asosiy yangiliklardan oldingi anonsda ham tilga olinmagan, holbuki ukrain dronlarining Moskvaga hujumlari qisqacha bo‘lsa ham yoritilgan edi.

22 iyun kuni Birinchi kanalning kunduzgi va yakuniy yangiliklarida Voronej shahri nomi faqat FXXning ushbu shaharda «ukrain josusi» qo‘lga olingani to‘g‘risidagi bayonotida ketgan.

Z-blogerlar

Rossiyalik harbiy mavzuga ixtisoslashgan blogerlarni federal telekanallar sukut saqlashi g‘azablantirdi. «Bir soat vaqtimni „Rossiya 24“ telekanalini ko‘rishga sarfladim. Starmerning iste’fosi, Britaniya davlat qarzi, akulalar, neyrotarmoqlar, Eron, AQSh, neft, imtihonlar, yig‘im-terim, Moskvadagi jala… Voronej bo‘ylab raketa zarbasi haqida esa birorta so‘z aytilmadi», – deya yozadi Verum Regnum telegram-kanali (68,5 ming obunachisi bor) mualliflari.

Boshqalari 22 iyun kuni, Voronejga zarba berilgan paytda Moskvada Ikkinchi jahon urushi boshlanganining 85 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xotira tadbirlarida ishtirok etgan Vladimir Putin voqea bo‘yicha hech qanday munosabat bildirmaganiga e’tibor qaratgan. «Prezidentdan hamon rasmiy reaksiya bo‘lmadi – katta ehtimol bilan, „hali papkani kiritishmagan“», – deydi «Romanov Layt» (148 ming obunachisi bor).

RF mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan «Rybar» telegram-kanalb (1,5 million obunachisi bor) Voronej aholisi vakillarini shahar bo‘ylab zarba oqibatlari aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqqa joylagani uchun tanqid qilgan. Kanal mualliflari zarbaning o‘zi va uning oqibatlariga 22 iyun kungi hisobotidan bir necha qator ajratgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid