Sport | 13:08 / 14.02.2022
22304
5 daqiqa o‘qiladi

Doping iste’mol qilishda gumonlanayotgan Valiyeva olimpiadadagi ishtirokini davom ettiradi – CAS qarori 

Sport arbitraj sudi (CAS) komissiyasining ko‘chma yig‘ilishi doping iste’mol qilishda gumonlanayotgan rossiyalik figurist Kamila Valiyeva ishi bo‘yicha qarorini e’lon qildi. 15 yoshli sportchi musobaqadan chetlatilmaydi va Pekin-2022 olimpiadasidagi ishtirokini davom ettiradi. 

Foto: Getty Images

7 fevral kuni Pekin-2022 qishki olimpiadasida figurali uchish bo‘yicha sport juftliklari o‘rtasida jamoaviy musobaqa o‘tkazilib, unda Rossiya milliy jamoasi katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) shu kuni medallarni g‘oliblarga topshirish tantanali marosimini o‘tkazmadi va uni noma’lum muddatga qoldirdi.

9 fevral kuni sport yangiliklariga ixtisoslashgan Inside the Games nashri «Tezkor» belgisi bilan «Rossiya doping siri markazida» nomli maqolani e’lon qildi. Unda rossiyalik sportchilarni taqdirlash marosimining kechiktirilishi «Olimpiadadan oldin topshirilgan doping-test bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin»ligi yozilgan edi. Shundan so‘ng, rossiyalik sportchilar diskvalifikatsiya qilinishi va oltin medaldan mahrum etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, rossiyaliklar tarkibida ishtirok etgan Kamila Valiyevaning 2021 yil dekabr oyida topshirgan doping-testida taqiqlangan trimetadizin moddasi topilgan. Rossiya antidoping agentligi (RUSADA) bu haqda sportchiga olimpiada arafasida xabar berib, uni musobaqadan chetlatgan. Ammo, Valiyeva bu qarorga apellyatsiya bergach, taqiqni olib tashlagan. 

15 yoshli sportchining doping iste’mol qilishda gumonlanayotgani ma’lum bo‘lgach, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ), Butunjahon antidoping agentligi (WADA) va Xalqaro chang‘ichilar ittifoqi (ISU) tomonidan RUSADA qarori bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya berildi. Unda sportchini olimpiadada ishtirok etishga ruxsat berilishi noto‘g‘ri qaror bo‘lgani ta’kidlangan edi. 

CAS maxsus komissiyasi «Valiyeva ishi» bo‘yicha Pekinda ko‘chma yig‘ilish o‘tkazib, 14 fevral kuni o‘z qarorini e’lon qildi.  

Komissiya XOQ, WADA va ISU apellyatsiyasini rad qilib, Valiyevaning olimpiadada ishtirok etishiga ruxsat berdi.

Sud qarorida Valiyevaning balog‘atga yetmagani, shu tufayli «himoya ostidagi shaxs» ekani, Butunjahon antidoping kodeksida «himoya ostidagi shaxs»larning musobaqalardan vaqtinchalik chetlatilishi haqida hech qanday band yo‘qligi, sportchi Pekin-2022 olimpiadasi paytida musbat natijali doping-test topshirmagani, 2021 yil dekabr oyida topshirgan doping-testi musbat chiqqani bo‘yicha surishtiruv jarayoni davom etayotganini inobatga olgan. Komissiya Valiyevaning olimpiadadagi ishtirokiga taqiq qo‘yish «tuzatib bo‘lmaydigan xato»ga olib kelishi mumkin, deb hisoblagan.

CAS doping-testi tahlilining musbat natija bergani haqidagi xabar Valiyevaga kech – olimpiada arafasida yetkazilgani, bu esa uning huquqiy tomondan himoyalanish imkoniyatini pasaytirganini, xabarning kech yetkazilishi – uning aybi emasligiga urg‘u bergan.

CAS o‘z qarorida faqat sportchining musobaqadagi ishtirokini davom etishi masalasini ko‘rib chiqqan. Uning doping iste’mol qilish bo‘yicha aybdorligi, Rossiya milliy jamoasini oltin medaldan mahrum qilish masalasi boshqa vaqtda va boshqa yig‘ilishda ko‘rib chiqilishi qayd etilgan.

Endi Kamila Valiyeva Pekin-2022 olimpiadasining figurali uchish bo‘yicha yakka bahslarida ishtirok etishi mumkin. 

Biroq, «Valiyeva ishi»ga so‘nggi nuqta qo‘yilmadi. Uning doping tahlili musbat chiqqanligi bo‘yicha surishtiruv yakunlari olimpiadadan keyin ko‘rib chiqiladi. Agar sportchining aybi isbotlansa, uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi, natijalari bekor qilinib, medallardan mahrum etilishi, Rossiya olimpiya qo‘mitasi ham jiddiy jazolanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda doping bilan bog‘liq ko‘plab mojarolar tufayli Rossiya olimpiya qo‘mitasi (ROQ) XOQ tomonidan jazolanib, katta musobaqalarda, jumladan Pekin-2022 olimpiadasida mamlakat nomi, bayrog‘i va madhiyasi bilan ishtirok etishdan mahrum qilingan edi. Musobaqalarda sportchilarga faqat ROQ abbreviaturasi ostida qatnashish va uning bayrog‘idan foydalanishga ruxsat berilgan. Ularning sharafiga davlat madhiyasi emas, kompozitor Chaykovskiy musiqasi yangramoqda.

Mavzuga oid