Jahon | 10:04 / 14.02.2022
10430
4 daqiqa o‘qiladi

JMT bosh kotibi: iqlim o‘zgarishi qurolli to‘qnashuvlar soni ko‘payishiga olib kelishi mumkin

Foto: TASS

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) bosh kotibi Petteri Taalas iqlim o‘zgarishi sababli mojarolar xavfi ortishi haqida gapirdi.

«Menimcha, biz iqlim o‘zgarishi sodir bo‘layotganining juda aniq belgilarini ko‘rmoqdamiz. Lekin ob-havo o‘zgarishini iqlim o‘zgarishidan ajrata bilish kerak. Ob-havoning o‘zgarishi yildan yilga, kundan kunga, har haftada sodir bo‘lmoqda. Biz ob-havo anomaliyalariga guvoh bo‘lyapmiz: ba’zi mintaqalarda o‘tgan yilga nisbatan juda sovuq yoki o‘tgan yilga nisbatan ancha issiqroq harorat kuzatilmoqda. 

Lekin global va mintaqaviy statistikaga qarash kerak. O‘tgan yili, masalan, Yevropada ham, Osiyoda ham eng issiq yil bo‘ldi. Rossiya Arktikasida esa qutb doirasi ustidagi hududlarda uch yil ketma-ket deyarli Tselsiy bo‘yicha 38 daraja harorat kuzatildi, bu juda g‘ayrioddiy. 

Biz sayyoraning qazilma boyliklaridan - neft va gazdan foydalanishni boshladik, bu atmosferaga karbonat angidrid chiqarilishining ko‘payishiga olib keldi, bular esa atmosferaning quyi qatlamlari haroratini oshiradigan parnik gazlar hajmi ortishiga sabab bo‘ldi. 200 ming yil davomida bunday kuchli isish bo‘lmagan. Buni ko‘mir, neft va gazni intensiv yoqishsiz amalga oshirish mumkin emasligi haqida juda aniq ilmiy dalillar mavjud. 

Harorat o‘zgarishi haqida ko‘p gapirilyapti. Ammo iqlim o‘zgarishi toza suvning mavjudligi muammosi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi. Toshqinlar davrimizning eng katta ofatlaridan biridir. Hozir atmosfera yanada namroq darajada turibdi, yomg‘ir yog‘ganda avvalgidan ko‘ra uzoqroq davom etyapti. Dunyoning ba’zi qismlarida esa qurg‘oqchilik kuzatilmoqda.

Biz hozir shug‘ullanayotgan uchinchi muammo - muzliklarning erishi. Dunyodagi ko‘plab yirik daryolar tog‘ muzliklaridan boshlanadi. Masalan, Hindiston va Xitoy Himolaydagi tog‘ muzliklaridan ko‘p miqdorda toza suv oladi. Bu muzliklar qisqargan sari, butun dunyodagi yirik daryolar kamroq suvga ega bo‘ladi. Buni Osiyoda, Yevropada, Alpda, shuningdek, Shimoliy Amerika va Janubiy Amerikada ko‘ryapmiz. Muzliklar erishi bilan ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sanoat ishlab chiqarishi uchun suv kamayib ketadi. Shaxsan men so‘nggi paytlarda yog‘ingarchilikning o‘zgarishi va muzliklarning erishi iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan eng jiddiy muammo deb hisoblayman. 

Bundan tashqari, kuchli qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan davlatlar mavjud. Misol uchun, hozir Efiopiya va Somalida juda qattiq qurg‘oqchilik. Qurg‘oqchilik muammosi anchadan beri davom etmoqda. «Arab bahori» deb atalgan voqealarni ham alohida ta’kidlash joiz. «Arab bahori»ga turtki bo‘lgan omillardan biri Liviya, Tunis, Misr va Suriyadagi qurg‘oqchilik edi. Bir necha yillik qurg‘oqchilik oziq-ovqat tanqisligiga, qishloq joylarda ishsizlikka, oziq-ovqat narxining ikki baravar oshishiga olib keldi. Bu tartibsizliklarga sabab bo‘ldi, afsuski, Suriyada ushbu holat hamon davom etmoqda. Liviyada ham vaziyat barqaror emas. Albatta, bu inqirozlarning boshqa sabablari ham bo‘lgan, lekin bunday inqirozlar xavfi, shubhasiz, ortib bormoqda. Misol uchun, Afrikadagi ko‘plab mamlakatlarda yashash sharoitlari hozir juda qiyin va iqlim o‘zgarishi vaziyatni yanada keskinlashtiradi. Bu aholi migratsiyasining kuchayishiga, mahalliy inqirozlarga va hatto qurolli to‘qnashuvlarga olib keladi».

Mavzuga oid