9 asrda Nil daryosida suv sathini o‘lchash uchun nilometr quriladi. Unga qarab misrliklar qurg‘oqchilik va ocharchilikka tayyorlangan. Ahmad Farg‘oniy o‘ylab topgan usuldan hozir Jahon metrologiya tashkilotiga a’zo bo‘lgan davlatlarning barchasi foydalanadi.
Misrliklar joniga ora kirgan uskuna

Misrda qishloq xo‘jaligi azaldan Nil daryosi suviga bog‘liq bo‘lib kelgan. Odamlar daryo suvining ko‘tarilishi va tushishiga qarab qurg‘oqchilik va ocharchilikka o‘zlarini moslashtirib borishgan. Daryodagi suvning ko‘tarilish va pasayish holatiga qarab dehqonlarning ham dalalardan yig‘ib oladigan hosildorligi turlicha bo‘lgan, hosildorlikka qarab dehkonlarga soliq solingan. Bunday vaziyatda suv sathini yuqori aniqlikda o‘lchash muhim sanalgan. Bu vazifani Ahmad Farg‘oniy ko‘rsatmalari bilan 861 yilda yasalgan nilometr bajargan. Nilometr Misrdagi suv zaxiralaridan unumli foydalanishda, daryoda suv sathi o‘zgarishlarini asosli ravishda bashorat qilishda muhim ahamiyat kasb etgan. Ahmad Farg‘oniy uni qurish uchun daryoning janubiy chekkasini tanlagan. Metrolog O‘lmas Zaripov bu joy nafaqat o‘sha davr, hatto hozirgi kun talablaridan kelib chiqib tahlil qilinadigan bo‘lsa ham, suv o‘lchash uchun o‘ta qulay ekanini aytadi.

Olimning ma’lumot berishicha, nilometrni qurish uchun tanlangan joy, o‘lchash asbobining konstruktiv tuzilishi, materiali, uning aniqligiga bo‘lgan talablarning hammasiga javob bergan.
“Shu tufayli vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, unda 20-asrning o‘rtalarigacha, ya’ni oxirgi ta’mirlash amalga oshirilgan 45-50-yillargacha qariyb 1100 yil tinimsiz kuzatishlar olib borilgan”, – deydi Zaripov.
Nilometr qanday ishlagan?
Sharq olimlari nilometrni o‘z asarlarida “Miqyosi Nil” deb ham atashgan. “Miqyosi Nil” murabba, ya’ni 4 yonli quduq ko‘rinishida bo‘lib, Nil daryosi bilan 3ta yerosti suv yo‘li orqali tutashgan. Quduq o‘rtasida oq marmar bilan qoplangan, balandligi taxminan 10 metr bo‘lgan sakkiz qirrali ustun o‘rnatilgan. Ustunda suv sathini o‘lchashga imkon beradigan yirik darajot bo‘lib, u mayda darajotga bo‘lingan. Yirik darajot arab tirsak birligi – 54 santimetrga, maydalari esa uning 1/24 qismi (qirot)ga – 2,25 santimetrga teng.

















