08:06 / 15.02.2022
18481

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi Rustam Akromov vafot etdi

Rustam Akromov

Pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akromov 73 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Rustam Akromov 1948 yil 11 avgust kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U faoliyati davomida o‘zbek futboli rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan mutaxassis hisoblanadi. 1990-1992 yillar orasida Jazoirning USM klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.

Rustam Akromov mamlakat mustaqillikka erishganidan so‘ng futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992-1994 yillar terma jamoa u bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

R.Akromov 1995-1997 yillar Hindiston terma jamoasini boshqardi. Ushbu davlatdagi ikki yillik faoliyati davomida asosiy terma jamoa bilan bir qatorda bolalar futbolini rivojlantirish tizimini shakllantirdi. Keyinchalik OFK, FIFA tashkilotlarida instruktor bo‘lib faoliyat olib bordi.

U o‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun davlat tomonidan «Shuhrat» medali hamda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Top