Jahon | 12:01 / 15.02.2022
19905
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy 16 fevralni Birlik kuni deb e’lon qildi. Rossiya shu kuni Ukrainaga hujum qilishi taxmin qilingandi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy millatga murojaatida 16 fevral davlat bayrami — Ukraina birligi kuni bo‘lishini e’lon qildi.

«Bizga 16 fevral hujum kuni bo‘lishini aytishmoqda. Biz bu sanani mamlakatda xalq birlashuvi kuni qilamiz. Tegishli farmon allaqachon imzolangan. Shu kuni milliy bayroqlarimizni baland ko‘taramiz, ko‘k-sariq lentalar taqamiz va butun dunyoga Ukrainaning birlashgan xalq ekanini namoyish qilamiz», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy hozirda Ukraina davlati «har qachongidan kuchliroq ekani» va har qanday tahdidga qarshi turishga tayyorligini aytgan.

Zelenskiy hukumatga bir kun ichida «Ukraina jamiyatini jipslashtirish» bo‘yicha reja tayyorlash bo‘yicha topshiriq berganini aytgan. Bu reja harbiy xizmatchilarning maoshini oshirish va odamlarni «xavfsizlik bo‘yicha real vaziyat» haqida xabardor qiluvchi axborot platformasini yaratishni ham nazarda tutadi.

Shuningdek, Ukraina armiyasi 8 yil oldingidan kuchli ekani, Yevropadagi xavfsizlik ukrain armiyasiga bog‘liqligi va mamlakatni rivojlangan davlatlar qo‘llayotgani aytib o‘tilgan.

  • Avvalroq G‘arbdagi qator nashrlar razvedka xizmatlaridagi manbalariga asoslanib, 16 fevral kuni Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshlashi mumkinligi haqida yozgandi. Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden NATO vakillari bilan suhbatda bu sanani ehtimoliy bosqin boshlanish sanasi sifatida keltirgan. Oq uy bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan va rad etmagan.

Mavzuga oid