O‘zbekiston | 08:35 / 16.02.2022
4643
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yadroviy xavfsizlik sohasida bitim tasdiqlanadi

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida axborot almashish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha prezidentning “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qaror loyihasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida axborot almashish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillarini amalga oshirish maqsadida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Bitim O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 19 noyabr kuni Rossiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov tomonidan imzolangan.

Bitim muqaddima va 9 ta moddadan iborat bo‘lib, radiatsiya va yadroviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi hamda yadroviy avariyalar sodir bo‘lganda transchegaraviy oqibatlarni minimallashtirish maqsadida ikki tomonlama tezkor ma’lumot almashinuvini tartibga soladi.

Bitim: 

  • avariya holatlarida harakat qilish va radiatsiyaviy xavfsizlik sohasidagi ma’lumotlarni tezkor va ishonchli tarzda olishga;
  • avariyaning rivojlanishiga qarab, radiatsiyaviy vaziyatning o‘zgarishlarini prognoz qilishga;
  • aholining salomatligiga va tabiiy muhitga radiatsiyaviy avariya oqibatlarining ta’sirini tezkor ravishda baholashga;
  • radiatsiyaviy vaziyat o‘zgarishlarining tahlili va prognozi natijalarini tomonlar bir-biriga tezkor taqdim etishiga xizmat qiladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid