Sinoptiklar dam olish kunlari qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi
Bugun kunduz kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha kecha boshlangan havoning isishi davom etadi. Respublikaning barcha hududlarida quruq va kam bulutli ob-havo kutilmoqda, kunduzi havo 10-13 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, dam olish kunlari respublika hududining katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat 19 fevralda Surxondaryo viloyatida, 20 fevralda Samarqand, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir va ho‘l qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Tungi sovuqlar asta-sekin chekinadi, kunduz kunlari esa harorat ko‘proq bahor fasli uchun xos bo‘lgan qiymatlargacha ko‘tariladi. 20 fevralga kelib, harorat kechasi 2-7 daraja iliqqacha, kunduz kuni esa termometr ustuni 15-17 daraja iliq, janubda 18-20 daraja iliqqacha yetadi.