O‘zbekiston | 08:45 / 19.02.2022
11128
2 daqiqa o‘qiladi

To‘ylarda mualliflik huquqiga rioya qilmaganlarning litsenziyasi tugatiladi

Foto: Flickr / Ben Grey

Prezidentning “2022-2025 yillarda O‘zbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 martdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan konsert-tomosha tadbirlarida, to‘ylar va boshqa tantanalarda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya qilmaslik litsenziya talablari va shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi sifatida e’tirof etilib, litsenziyani qonunchilikka muvofiq tugatish tartibi joriy qilinadi.

Akkreditatsiyalangan sertifikatlashtirish organlari tomonidan respublikada ishlab chiqarilayotgan, realizatsiya qilinayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish, ularda qo‘llanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk obektlariga (tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va sanoat namunasiga) bo‘lgan huquqlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Mualliflar, ijodkorlar va turdosh huquq sub’yektlarini yangi asarlar, ijrolar, fonogrammalar va ko‘rsatuvlar yaratishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, 2022 yil 1 aprelga qadar Intellektual mulk agentligi rasmiy saytida mualliflar, ijodkorlar va turdosh huquq sub’yektlarining asarlari va mahsulotlaridan foydalanganlik uchun to‘lanadigan mualliflik haqini hisoblab beruvchi maxsus kalkulyator moduli faoliyati ishga tushiriladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Intellektual mulk agentligining 2022 yil 1 dekabrdan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi nashriyotlar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlash hamda iste’molchilarga faqat asl noshirlik mahsulotlari yetkazilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida, har bir nashriyot tomonidan noshirlik mahsulotlari maxsus himoyalangan QR-kod bilan chop etilishini amaliyotga joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid