Jahon | 17:38 / 21.02.2022
9985
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden Ukrainaga «bosqin bo‘lmasa», Putin bilan uchrashishga roziligini bildirdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga nisbatan bosqinchilik harakatlari amalga oshirilmasa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor.

Foto: AFP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQSh va Rossiya prezidentlari bilan telefon muloqotlari chog‘ida Jo Bayden va Vladimir Putinga Ukraina masalasida sammit o‘tkazishni taklif qildi. Yelisey saroyining xabariga ko‘ra, ikki tomon ham uchrashuv o‘tkazishga rozilik bildirgan.

Makron administratsiyasining ta’kidlashicha, davlat rahbarlari mazkur taklifga rozi bo‘lgan. Muzokaralar uchun asos Lavrov va Blinkenning shu haftada Yevropada o‘tkazilishi kutilayotgan uchrashuvi davomida tayyorlanadi.

«U (Makron) prezidet Bayden va prezident Putin o‘rtasida sammit o‘tkazishni, barcha manfaatdor tomonlarga Yevropada xavfsizlik va strategik barqarorlik masalalarini muhokama etishni taklif qildi», deya xabar bergan Makronning matbuot xizmati.

Oq uyning xabar qilishicha, Bayden 24 fevral kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin Putin bilan sammit o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

«Prezident Bayden agarda hujum amalga oshirilmasa, ushbu muzokaralardan keyin, bosqin amalga oshirilmasa prezident Putin bilan uchrashishga rozilik berdi», degan Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

RF prezidenti matbuot xizmatining 20 fevral kuni Putin va Makron o‘rtasida o‘tkazilgan telefon muloqoti bo‘yicha xabarnomasida sammit haqida eslab o‘tilmagan.

Keyinroq Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov hozircha oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilmayotganini xabar qildi. U faqat Sergey Lavrov va Entoni Blinken uchrashuvi kutilayotganini aytgan.

Mavzuga oid