Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Fransiyada o‘tayotgan «Katta yettilik» (G7) sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazish taklifini bildirganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbusni AQSh va Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlagan, ammo Moskva tomonidan ijobiy javob berilmagan.
Zelenskiy bu haqda 15 iyun kuni Kiyevda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G7 sammiti Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuvi uchun qulay maydon bo‘lishi mumkin edi, chunki unda AQSh prezidenti Donald Tramp, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va boshqa g‘arb davlatlari yetakchilari ishtirok etmoqda.
Ukraina rahbari Rossiya prezidenti bilan Yevropa va AQSh vakillari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazish mumkinligini ta’kidlab, bu mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun yaxshi fursat bo‘lganini qayd etdi.
Zelenskiyning fikricha, g‘arb davlatlari mazkur uchrashuv g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, ammo Rossiya yana bir bor to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga tayyor emasligini namoyon qilgan.
Ukraina ommaviy axborot vositalari esa mazkur taklif Kremlga turli kanallar orqali — diplomatlar, vositachilar va maxsus xizmatlar orqali yetkazilganini xabar qildi. Manbalarga ko‘ra, Moskva tomonidan aniq rozilik yoki rad javobi berilmagan. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov esa uchrashuvni Moskvada o‘tkazish mumkinligini bildirgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi navbatdagi ommaviy raketa va dron hujumlarini ham tilga oldi. Uning ma’lum qilishicha, 15 iyunga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab 70 ta raketa va 611 ta dron uchirilgan. Faqat Kiyevning o‘ziga 60 dan ortiq raketa yo‘naltirilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar oqibatida Kiyevda kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 28 nafar fuqaro jarohat olgan. Shuningdek, XI asrda barpo etilgan va YuNeSKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan Kiyev-Pechersk lavrasining Uspenskiy soborida yong‘in chiqqan.
Ukraina prezidenti G7 davlatlaridan Rossiyaning harakatlariga nisbatan qat’iy munosabat bildirishni kutayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev Moskvaga bosimni kuchaytirish va havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha yordam olishdan umid qilmoqda.
Mavzuga oid
09:45
Ukraina va Moldova YeI a’zoligi sari yana bir qadam tashladi
21:35 / 15.06.2026
Rossiyada Tu-22M3 bombardimonchisi halokatga uchradi
18:40 / 15.06.2026
Rossiya Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba berdi – fotolar
10:15 / 15.06.2026