O‘zbekiston | 22:31 / 21.02.2022
53058
2 daqiqa o‘qiladi

«Yoshiga to‘lmagan» inomarkalar uchun import boji ikki bosqichda pasaytirilmoqda

Ishlab chiqarilgan sanasiga 1 yil to‘lmagan yangi transport vositalari importi uchun bojxona boji 30 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Avtomobil dvigatelining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham pasaytirildi.

Foto: RIA Novosti

Bu tartib prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21 fevral kuni imzolangan «Avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorda aks etgan.

Kun.uz'ga rasman taqdim etilgan qarorga asosan, O‘zbekistonga avtomobillar import qilishda bojxona bojlari ikki bosqichda pasaytiriladi. Qaror imzolangan paytdan e’tiboran boj stavkalari 30 foizdan 15 foizga tushirildi, shuningdek avtomobil dvigateli quvvatining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham o‘rtacha ikki barobar va undan ko‘proqqa kamaytirildi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab, avtomobil dvigateli quvvatiga bog‘langan qo‘shimcha koeffitsiyentlar yana bir bor ikki va undan ko‘proqqa kamaytiriladi; shu bilan birga, 15 foizlik asosiy boj stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Bojxona bojlarining pasaytirilishi faqat yangi (ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan) avtotransport vositalarigagina taalluqli.

Ishlab chiqarilganiga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar importi uchun avvalgidek 30 foizlik bojxona boji va qo‘shimcha koeffitsiyent (har bir kub sm uchun 3 dollardan) hisoblanadi. Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan avtomobillar uchun 40 foizlik boj va qo‘shimcha koeffitsiyentlar avvalgidek amal qilaveradi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni avtomobilsozlik sohasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, unda bojlarni ikki barobarga pasaytirish topshirig‘ini bergan edi.

«Sekin-sekin bojxona to‘lovlari nol bo‘lishi kerak. Raqobat bo‘lishi kerak, arzon va sifatli [avtomobillar bo‘lishi uchun]», — degan edi davlat rahbari. 

Mavzuga oid