Bojxona bojining 2 barobarga qisqarishi import avtomobillar narxiga qanday ta’sir qiladi?
Import avtomobillar narxi taxminan 10 foizga arzonlashishi mumkinligi, bu o‘zgarishdan asosan chet el mashinalarini minadigan badavlat qatlam manfaat ko‘rishi aytilmoqda.
O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillar uchun bojxona boji stavkalari 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirilishi kutilmoqda. Bojlarning pasaytirilishi narxlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini quyidagi misol orqali ko‘rib chiqamiz.
Ayni paytda yangi Changan CS35 Plus II (Comfort) avtomobilini O‘zbekistonga olib kirish narxi (bojxonachilar tomonidan tasdiqlangan Kun.uz hisob-kitoblari):
- Avtomobilning bahosi: 19 848 dollar;
- Bojxona yig‘imi: 37,35 dollar;
- Avtomobil qiymatidan boj 30 foiz = 5 954,4 dollar;
- Avtomobil dvigatel hajmidan 2,5 dollardan = 1600ss = 4000 dollar;
- QQS 15 foiz = 4470,36 dollar;
- Utilizatsiya yig‘imi BHM*120 barobar=32 400 000 so‘m= 2987,82 dollar.
Hozirda bitta Changan CS35 Plus II (Comfort) avtomobilini olib kirishga 17 ming 450 dollar yoki 189 mln 227,3 ming so‘m boj to‘lanadi.
Agar yangi o‘zgarish amaliyotga tatbiq qilinadigan bo‘lsa, bu avtomobilni O‘zbekistonga olib kirish narxi quyidagi tartibda o‘zgaradi:
- Avtomobilning bahosi: 19 848 dollar;
- Bojxona yig‘imi: 37,35 dollar;
- Avtomobil qiymatidan boj 15 foiz = 2977,2 dollar;
- Avtomobil dvigatel hajmidan 2,5 dollardan = 1600ss = 4000 dollar;
- QQS 15 foiz = 4023,78 dollar;
- Utilizatsiya yig‘imi BHM*120 barobar = 32 400 000 so‘m = 2987,82 dollar.
Shunda, boj to‘lovlari umumiy hisobda 14 ming 26 dollarni (152 mln 99,8 ming so‘m) tashkil etadi. O‘rtadagi farq – 3423,78 dollar.
Bu yerda narxlar avtomobil qiymatidan olinadigan boj (5 954,4 dollardan 2977,2 dollarga) va QQS to‘lovlarining (4470,36 dollardan 4023,78 dollarga) pasayishi hisobiga arzonlashadi.
O‘zbekistonga import avtomobili olib kirishdagi to‘lovlar qanday shakllanadi?
Autostrada.uz saytining yozishicha, O‘zbekistonga xorijdan avtomobil import qilishda to‘lanadigan to‘lovlar bir qancha omillarga bog‘liq: avtomobilning yangi yoki eskiligi (ishlab chiqarilgan yili ham inobatga olinadi), xarid narxi, avtomobil ishlab chiqarilgan hamda import qilinayotgan mamlakat, dvigatel turi va hajmi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri bojxona to‘lovlari va yig‘imlaridan tashqari, import qiluvchi shaxs 15 foiz QQS, shuningdek, utilizatsiya uchun to‘lov ham to‘laydi.
Bojxona chegarasidagi avtomobil narxi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan yoki xalqaro narxlar katalogi bo‘yicha belgilangan qiymatlarda hisoblanadi.
Quyida amaldagi tartiblar bo‘yicha belgilangan bojxona to‘lovlari miqdori keltirilgan:
Boj avtomobilning qiymati va dvigatel hajmining har bir kub santimetri uchun AQSh dollarida hisoblanadi.
Agar avtomobil erkin savdo hududi to‘g‘risida shartnoma imzolangan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan va bu ST-1 sertifikati bilan tasdiqlangan bo‘lsa, boj to‘lovi undirilmaydi. Bu mamlakatlar quyidagilar: Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Ukraina.
Bu sertifikat ishlab chiqaruvchi yoki eksport qiluvchi mamlakatning Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshgan va yig‘ish to‘liq mamlakat ichida amalga oshirilgan taqdirdagina (masalan, Lada uchun) taqdim qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, Rossiyada ishlab chiqarilgan Hyundai, Toyota yoki Nissan kabi avtomobillar uchun bojxona boji bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilmaydi.
Bundan tashqari, avtomobil olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar quyidagi ko‘rinishda (avtomobil tannarxi + boj to‘lovi + maxsus stavkalar * 0,15 foiz) QQS to‘laydi.
2020 yilning 1 avgustidan O‘zbekistonga transport vositalarini olib kirishda amalda bo‘lgan aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinib, uning o‘rniga utilizatsiya yig‘imi joriy qilingandi.
Ushbu yig‘imning TIF TN kodi 8703 (yengil avtomobillar) bo‘lgan transport vositalari uchun stavkalari quyidagicha:
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lmagan transport vositalari uchun:
- dvigatel hajmi 1000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 30 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 120 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3500 sm3 dan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 300 barobari miqdorida.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalari uchun:
- dvigatel hajmi 1000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 90 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 1000-2000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 210 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 2000-3000 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 330 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3000-3500 sm3 gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 390 barobari miqdorida;
- dvigatel hajmi 3500 sm3 dan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 480 barobari miqdorida.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekistondagi bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 270 ming so‘mni tashkil etadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, O‘zbekistonga xorijdan avtomobil olib kirishda nafaqat tarif to‘siqlari, balki notarif to‘siqlar salmog‘i ham katta. Iqtisodchi Yuliy Yusupov Kun.uz'da e’lon qilingan maqolasida import avtolar uchun sertifikatlashtirish organlaridan sertifikat olish zarurati haqida to‘xtalib, ular avtomobil narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelayotganini misollarda ko‘rsatib bergandi.
Kim qanday fikrda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, bojxona bojlarining 15 foizga pasaytirilishi hisobiga xorijdan olib kelinadigan import avtomobilining narxi o‘rtacha 10 foizga arzonlashishi mumkin.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, amaldagi har kub sm uchun o‘rnatilgan maxsus stavkalar o‘zgarishsiz qoldirilsa, bojlarning pasaytirilishi UzAuto Motors monopoliyasiga deyarli ta’sir qilmaydi.
“Avtomobillar importi uchun boj stavkalar kombinatsiyalashgan tarzda belgilangan. Agarda bojlar 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan holatda ham, qo‘shilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar o‘zgarmasa, amalda UzAuto Motors'ning monopoliyasiga zarracha ham ta’sir qilmaydi.
Shu sabab, bojlarning pasaytirilishi bilan bir qatorda qo‘shilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar bekor qilinishi lozim.
Shunda ham mahalliy ishlab chiqaruvchi - monopolist 15 foiz import boji va 15 foiz QQS evaziga 32,25 foizlik ustunlikka ega bo‘ladi.
Yana bir muhim masala, yopiq qarorlar bilan Shevrolet, Skoda, Wolksvagen (UzAutoMotors), Kia, Lada, Reno (Ruddell) kabi avtomobillarni import qilish bo‘yicha UzAuto Motors va ayrim cho‘ntak xususiy kompaniyalarga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi hisoblanadi. Hamma bir startda va bir qoidalarda ishlashi zarur”, deya munosabat bildirdi iqtisodchi.
Quyidagi jadvalda bojlar pasaytirilishi avtomobil import qilish narxlariga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha solishtirma tahlil berilgan (jadval Otabek Bakirovning Telegram-kanalidan olindi).
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, mazkur o‘zgarishdan asosan import mashina minadigan badavlat kishilar foyda ko‘radi.
“To‘g‘ri, bojni (hozir 30%) ikki barobar pasaytirish importga ta’sir qilmasligi rost, lekin bu o‘zgarishdan foyda ko‘radigan guruhlar bor albatta. Bunday kishilar – qimmat avtomobil import qiluvchi aholining eng daromadi yuqori qatlami. Ya’ni aholining daromadi yuqori kichik guruhi hozirgacha ham chet eldan avtomobil olib kelar edi. Chegaradagi bojning 15 foizga pasayishi esa ular iste’mol qiladigan avtomobillar narxining sezilarli pasayishiga olib keladi.
Bojlarning pasayishidan o‘rta daromadli aholi qatlami (ya’ni o‘rtacha narxdagi avtomobil xarid qilishga imkoniyati borlar) hech nima yutmaydi, bu o‘zgarish ular uchun hech nimani anglatmaydi, ular yana o‘sha “qadrdon” zavodimiz chiqarayotgan avtomobillarga navbatda turishga majbur bo‘ladi. Qarordan asosiy foyda ko‘radiganlar esa daromadi eng yuqori va import avtomobillarini iste’mol qiladigan boylar”, – deydi u.
Mavzuga oid
21:48
Odamlar o‘limiga ko‘proq sabab bo‘layotgan eng xavfli avtomobillar sanaldi
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
09:52 / 15.11.2024