O‘zbekiston | 18:00 / 23.02.2022
28203
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ayol ziyoratchilar Madinadagi masjid Ravzasiga kiritilmayotganiga izoh berildi

Ma’lum bo‘lishicha, karantin cheklovlari va navbat kattaligi sababli ko‘plab davlatlarning ayol ziyoratchilari, shu jumladan o‘zbekistonlik ayollar uchun ham Ravzai sharifni ziyorat qilish vaqtincha imkonsiz bo‘lmoqda.

Foto: facebook.com

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Madina shahridagi Masjidun-Nabaviy hududida joylashgan Ravzaga o‘zbekistonlik ziyoratchi ayollar kiritilmayotgani borasidagi xabarlarga izoh berdi. Ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi joriy etgan yangi tartibga binoan Madina shahridagi masjid ravzalariga ayol ziyoratchilarning aksariyati kiritilmayapti.

“Boshqacha qilib aytganda, ayollar uchun Masjidi Nabaviyda ibodat va namoz o‘qish uchun kirish-chiqish bemalol, faqatgina ushbu masjidning hududida joylashgan ravza qismiga kirishga vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilgan”, – deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi vakillari Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi vakili Abdulaziz bin Abdulrahim Vazzan bilan uchrashib, cheklovlarni muhokama qilgan.

“Vazzan janoblariga ko‘ra, shu yilning fevral oyi boshlarida karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilgani sababli, sig‘im imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ayollar uchun Ravzai sharifni ziyorat qilish jadval asosida, har kuni 2 marotaba (soat 08:00-12:00 va 16:00-24:00)da amalga oshirilib, oraliq masofani saqlash sharti bilan har 30 minutda faqatgina 500 nafar ayol (shundan 200 nafari mahalliy aholi)ga ziyorat uchun ruxsat berilgan. Cheklovdan oldin, ya’ni 5 fevralga qadar bir vaqtning o‘zida 1500 nafar ayolga ruxsat berilgan edi.

Ravzai sharifni ziyorat qilish navbati asosida, «Itamarna» mobil ilovasi orqali yakka tartibda (ziyoratchi tomonidan) yoki hamkor shirkat tomonidan “Tawof” platformasida jamoaviy ruxsatnoma olish orqali tashkil etilmoqda.

Ayni vaqtda karantin cheklovlari hamda navbat yuqoriligi sababli ko‘p davlatlarning ayol ziyoratchilari, shu jumladan o‘zbekistonlik ayollar uchun ham Ravzai sharifni ziyorat qilish vaqtincha imkonsiz bo‘lmoqda.

Ta’kidlash lozimki, ayollar uchun Ravzai sharifga kirishga ruxsatnoma olish uchun Podshohlik hududiga kirgandan boshlab o‘rtacha 10 kunga qadar kutish talab etilmoqda”, – deyiladi Musulmonlar idorasining rasmiy bayonotida.

Shu munosabat bilan hamda Haj va Umra vazirligining umra mavsumi qoidalariga doir yo‘riqnomasi asosida Ravzai sharifdagi cheklovlar yuzasidan ziyoratchilarni xabardor etish taklif qilingan.

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, joriy yilning mart oyidan karantin cheklovlari yumshatilib, Ravzai sharif qabul sig‘imi bosqichma-bosqich ko‘paytirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, ushbu masalada yengillik qilish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Tashqi ishlar vazirligi orqali Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligiga xat yo‘llaganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Ravza - so‘zi arab tilida «bog‘», ma’nosida kelib, Madinadagi Masjidun Nabaviyning ichidagi Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam dafn qilingan hujra va undan bir qancha masofada joylashgan minbarning oralig‘i Ravzai sharif deb ataladi.

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, Ravzaga kirish ziyoratning sharti hisoblanmasa-da, Haj va Umraga borgan musulmonlar hududning hadislarda keltirilgan ta’riflari tufayli Masjidun Nabaviyga kelganlarida, aynan shu joyda namoz o‘qishga astoydil urinadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid