Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi bayrog‘i tushirildi (video)
Rossiya Ukrainadagi diplomatik vakolatxonalaridan xodimlarni evakuatsiya qilishni boshladi. TIV bu qarorni elchixonalar va konsulxonalar xodimlari hayoti va xavfsizligi himoyasi bilan izohlagan.
Rossiya Ukrainadagi barcha diplomatik vakolatxonalaridan xodimlarini ko‘chirishni boshladi. Bu haqda TASS RFning Kiyevdagi elchixonasiga asoslangan holda xabar berdi.
«Personal evakuatsiyasi allaqachon boshlandi», — degan agentlik suhbatdoshi.
Rossiya TIV shu kunlarda Ukrainadagi dipmissiyalar xodimlari evakuatsiya qilinishi haqida anons bergandi. Vazirlik buni 2014 yildan buyon bir necha bor Kiyev, Odessa, Lvov va Xarkovdagi elchixonalar va bosh konsulxonalardagi rossiyalik diplomatlar «tajovuzkor harakatlar obekti»ga aylangani bilan izohlagandi. Diplomatlar manziliga jismonan yo‘q qilish bilan tahdidlar bo‘lgani, ularning mashinalari yoqib yuborilgani, ammo Ukraina hukumati bu holatlarga reaksiya qilmagani aytilgan.
- Yanvar oyi oxirida G‘arbdagi ko‘plab mamlakatlar Rossiya bosqini xavfi o‘z diplomatlari yoki Ukraina g‘arbiga ko‘chirilishi yoki mamlakatdan butunlay olib chiqib ketilishi haqida e’lon qila boshladi. Moskva Ukrainaga hujum qilishga tayyorlanmayotganini ta’kidlab keldi.
- 21 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni tan oldi, 22 fevral kuni Federatsiya kengashi respublika hududiga rossiyalik harbiylar kiritilishiga ruxsat berdi.
- Avvalroq Ukraina TIV Rossiya DXR va LXRni tan olishi ortidan Rossiyadagi ishonchli vakili Vasiliy Pokotiloni maslahatlashuv uchun ortga qaytargani xabar qilingandi.