“Odamlar xavotirda, oziq-ovqat jamg‘arishyapti, metroga kirish bepul qilindi” - Xarkovdagi o‘zbeklar
24 fevral tongga yaqin Rossiya Ukrainaga qurolli hujum boshladi. Kun.uz shu kuni tush vaqtida Ukrainaning Xarkov shahridagi bir necha o‘zbekistonlik bilan gaplashib, shahardagi vaziyat haqida so‘radi.
“O‘zbekistondagi norasmiy kanallarda tarqalayotgan feyklar oila a’zolarimizni xavotirga solyapti”
15 yildan beri Ukrainada biznes bilan shug‘ullanayotgan Olimjon A’zamxonov Xarkov shahridagi vaziyat haqida gapirarkan, odamlarda vahima yo‘qligi, lekin xavotir hissi borligini aytadi.
“Vahima yo‘q, Men Xarkov shahridan turib javob beryapman sizga. Ertalab 5 yarim – 6 yarim oralig‘ida harbiy aeroportlarda portlash ovozi eshitildi, shundan keyin tinchidi. Lekin odamlarda xavotir bor, oziq-ovqat jamg‘arishyapti. Parvozlar to‘xtatilgan.
Xarkovda ertalab 5-6 oralig‘ida 4-5ta portlash bo‘lgan, shundan keyin hammayoq tinchigan. Xarkov meri uydan chiqmaslikni tavsiya qildi, lekin ko‘chaga chiqish qat’iy taqiqlanmagan. Xohlagan odam chiqaveradi”, – dedi u.
Olimjon A’zamxonov o‘zbekistonliklardan turli Telegram-kanal va guruhlarda yolg‘on xabarlar tarqatib, Ukrainadagi musofirlar oilalarini xavotirga qo‘yamaslikka chaqirdi.
“O‘zbekistondagi Telegram-kanallarda Xarkovga Rossiya bayrog‘i ilingan rasm tarqalyapti, lekin unaqa narsa yo‘q, u 2014 yildagi rasm. Men 15 yildan beri shu yerda yashayman. Biz, bu yerda yurgan musofirlarning hammasining O‘zbekistonda oila, bola-chaqasi bor. Iltimos qilardimki, oilamizni tashvishga qo‘ymaslik va har xil asossiz xabarlarni tarqatmaslikni. O‘zbekistondagi oilamiz bizdan xavotir olishmasin”.
“Ko‘pchilik oziq-ovqat sotib olmoqda”
Ukrainaning Xarkov shahrida yashayotgan Shohjahon Zokirov Karazina nomidagi Xarkov milliy universitetida o‘qiydi.
“Qisqacha vaziyat: Ukraina vaqti bilan 4:20larda birinchi va ikkinchi portlashlar bo‘ldi, undan keyin beshlarga yaqin va sakkizlarda 10-15ta portlash bo‘ldi. Hujumlar harbiy obektlarga, Xarkovda joylashgan harbiy aeroportga uyushtirilgan. Hozir aeroport umuman yo‘q.
Xalq do‘konlarga kirib, oziq-ovqat sotib olmoqda. Shaharda transport: metro, trolleybus bepul. Hamma berkinadigan obektlar ochiq, bemalol qabul qilyapti.
Xarkovga hujumdan keyin Ukraina armiyasi kelishni boshladi. Shaharda hali sirena eshitmadim, asosan harbiy bazalarga hujum bo‘lgan. Xarkovning tinch aholi yashaydigan joylarida portlash bo‘lmayapti”, – dedi u.
“Besh daqiqadan keyin nima bo‘lishini bilmay o‘tiribmiz”
Xarkov Milliy universitetida o‘qiyotgan yana bir talaba ertalab universitet yotoqxonasi yaqinida portlash bo‘lgani uchun talabalar ko‘chirilganini aytdi.
“Bizdan 10-20 km uzoqlikda portladi. Talabalar ko‘chirildi. Sizlar uchun qiziq bu, albatta, tushunaman, sohangiz shuni talab qiladi, lekin bu yerda biz 5 daqiqadan keyin nima bo‘lishini bilmay o‘tiribmiz”, – deydi u.
“Hozircha portlashlar eshitilmayapti. Odamlar ko‘p ko‘chada. Do‘konlarda asosiy oziq-ovqatlarga navbat katta, non yo‘q. Yosh bolalarimiz bilan qo‘rqib o‘tiribmiz", – deydi Xarkovda yashayotgan yana bir o‘zbekistonlik Muqaddas Boqiyeva.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
23:13 / 23.11.2024
Kreml yangi safarbarlik bo‘lmasligini ma’lum qildi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
18:44 / 23.11.2024