Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyevga parvoz qilgan o‘zbekistonliklar Kishinyov aeroportida qolib ketgan. Ular mutasaddilardan yordam so‘ramoqda
24 fevral kuni tunda Toshkent – Kiyev yo‘nalishi bo‘yicha Ukrainaga uchgan o‘zbekistonliklar ayni paytda Kishinyov xalqaro aeroportida qolishmoqda. Ukraina havo hududi yopiq bo‘lgani ortidan Moldovaga qo‘nishga majbur bo‘lgan samolyot yo‘lovchilari avtobuslarda Kiyevga olib ketilayotganda chegaradan o‘tkazilmagan. O‘zbekiston fuqarolari mutasaddilardan yordam so‘ramoqda.
Ukrainaning Sky Up Airlines aviakompaniyasiga tegishli PQ-7980 reysi Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 08:28 da uchib ketgan. Kiyevdagi Borispol xalqaro aeroportiga qo‘nishi kerak bo‘lgan samolyot Rossiya bosqini ortidan Ukraina havo hududi yopilgani tufayli Kishinyov xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan.
Samolyot bortida qancha yo‘lovchi bo‘lgani hozircha ma’lum emas. Reyslarni kuzatib boruvchi onlayn platformalardan bu haqdagi ma’lumotni aniqlashning iloji bo‘lmadi.
FlightAware ma’lumotlariga ko‘ra, Sky Up Airlines’ning PQ-7980 reysi Kishinyov xalqaro aeroportiga 24 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 06:40 da qo‘ngan. Shundan so‘ng yo‘lovchilar aviakompaniya tomonidan yollangan ikkita avtobusda Kiyevga olib ketilgan. Biroq ushbu avtobuslar chegaradan o‘tkazilmay, ortga qaytarib yuborilgan.
Holatdan xabardor bo‘lgan manbaning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, PQ-7980 reysi yo‘lovchilari orasida Ukraina, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan. Chegaradagilar Ukraina fuqarolarining mamlakatga kirishiga ruxsat bergan, biroq O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini qabul qilmagan.
Yo‘lovchilar avtobuslarda Kishinyov aeroportiga qaytib borishga majbur bo‘lishgan. Manba yo‘lovchilar kechki ovqat va yotoq joy bilan ta’minlangani yoki ta’minlanmaganidan bexabarligini bildirdi.
Ukrainaga kiritilmagani sababli Moldovaga majburan qo‘ngan ushbu reys yo‘lovchilari Kiyevgacha yetkazib qo‘yilishi yoxud vaziyat yaxshilanguncha Moldovada qolishi haqida hech qanday ma’lumot berilmagani haqida xabar bergandi.
Internetda Kishinyov aeroportida qolib ketgan o‘zbekistonliklarning videosi tarqaldi. Video muallifi yo‘lovchilar Ukrainaga kiritilmayotgani, ularni hatto aeroportdan chiqarib yuborishmoqchi bo‘lishayotganini aytib, mutasaddilardan yordam berishlarini so‘ragan.
Videoda ko‘rinishidan o‘zbekistonliklarga o‘xshash yigitlar yuk tashuvchi aravachalar ustida o‘tirgani va uxlayotgani aks etgandi.