Putin muzokara o‘tkazishga tayyor, Kreml Minskka delegatsiya jo‘natmoqchi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putindan muzokaralar stoliga o‘tirishni so‘rashi ortidan Kreml Minskka delegatsiya jo‘natishga tayyorligini ma’lum qildi. Xitoy TIVning ma’lum qilishicha, Putin Si Jinping bilan suhbatda Ukraina bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.
Rossiya Ukraina bilan muzokara stoliga o‘tirishga tayyor. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Putin Xitoy raisi Si Jinping bilan telefon muloqoti vaqtida aytgan.
«Rossiya Ukraina bilan yuqori darajada muzokaralar o‘tkazishga tayyor», deya Putinning so‘zlarini keltirgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi.
Kreml rasmiy saytida yozilishcha, Putin Xitoy raisiga Rossiya nima uchun DXR va LXRni tan olganini tushuntirgan.
«Rossiya prezidenti Xitoy xalq respublikasi raisini DXR va LXRni tan olish sabablari, tinch aholini geneotsiddan qutqarish maqsadida maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilgani, shuningdek, Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish haqida to‘liq xabardor qildi. Vladimir Putin Kiyevdan kelgan signallarni inobatga olgan holda Minskka muzokarachilarni yubormoqchi ekanini aytdi», deyiladi xabarda.
Kreml axborotida aytilishicha, Xitoy raisi Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealarni inqirozli holat deb atagan va Rossiyaning harakatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini aytgan.
«Umumiy pozitsiyadan turib xalqaro voqealarga munosabat bildirildi. Keyinchalik ham BMT va boshqa xalqaro maydonlarda bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi. Alohida davlatlar manfaatiga xizmat qiladigan noqonuniy sanksiyalarga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlandi», deyilgan xabarda.
Do‘stona ruhda o‘tgani aytilgan suhbatda Putin Xitoy raisini qishki olimpiada o‘yinlarini muvaffaqiyatli o‘tkazgani bilan tabriklagan.
Muzokara Minskda bo‘ladi
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov Vladimir Zelenskiyning murojaati ma’lumot o‘rnida qabul qilinganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar uchun Minsk shahri tanlangan.
«Zelenskiy Ukrainaning neytral maqomi bo‘yicha muzokaraga tayyorligini bildirgandi. Boshdanoq Vladimir Putin operatsiya maqsadi LXR va DXRga yordam berish ekanini aytgandi. Bu esa neytrallik maqomining ajralmas qismidir», degan Peskov.
Rossiya tomonidan muzokaralarga Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va prezident administratsiyasi vakillari boradi.
Oldinroq Vladimir Zelenskiy Putinga murojaat qilib, muzokaralar stoliga o‘tirishni so‘ragandi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov esa Ukraina armiyasi taslim bo‘lsagina muzokara o‘tkazilishini aytgandi.
Mavzuga oid
20:58 / 19.11.2024
Putin Hindistonga boradi
17:29 / 18.11.2024
Bloomberg: Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish rejasini tayyorladi
14:30 / 18.11.2024
Peskov: Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat bo‘yicha hozircha tayyorgarlik yo‘q
13:15 / 18.11.2024