Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush rublni yanada qadrsizlantirdi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti va so‘m kursiga qanday ta’sir qiladi?
Dunyodagi eng beqaror valuta bo‘lib turgan rubl Ukrainaga bosqindan keyin jiddiy qadrsizlanib, tarixiy minimumni qayd etdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonning ikkinchi asosiy savdo hamkorida kuzatilayotgan vaziyat so‘m kursiga qanday ta’sir qilishi haqida so‘z yuritdi.
AQSh dollari 2016 yil yanvaridan beri ilk bor 84 rubldan oshdi. Payshanba kuni ertalab kurs bir dollar uchun 86,21 rublni, bir yevro uchun 96,90 rublni tashkil qildi. Kotirovkalar birjaning o‘zi belgilagan savdo koridori chegarasiga yetganidan so‘ng, Moskva birjasi rubl bo‘yicha savdoni to‘xtatdi.
Rubl so‘mga nisbatan ham qadrsizlanishda davom etmoqda. Bir hafta ichida 8,8 foizga, bir kunda esa 3,7 foizga qadrsizlandi.
So‘m kursi faqat bitta manbaga bog‘liq emas
Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz'ga bergan intervyusida rublning qadrsizlanishi so‘mga qanday ta’sir qilishi haqida gapirdi.
“Rossiya bizning asosiy savdo hamkorlarimizdan, lekin yagona hamkorimiz emas. O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyatini diversifikatsiya qilishga va bitta iqtisodiy markazlarga bog‘liq bo‘lmaslik harakatlarini amalga oshirmoqda. Hozir so‘mimiz oldingidek faqat bitta manbaga – oltin, gaz, neft, rublning narxi kotirovkalariga bog‘liq emas.
So‘mning kursini ko‘proq fundamental va texnik sabablar belgilaydi. So‘m kursi ko‘proq O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va iqtisodiy o‘sishga bo‘lgan ishonchga bog‘liq. Ya’ni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar. Ikkinchisi, biz global dunyoda yashayapmiz, xuddi turk lirasining narxi o‘zgarishi iqtisodiyotimizga qanday ta’sir qilgan bo‘lsa, AQSh federal rezervining qarorlari, dollar bilan bog‘liq bo‘layotgan o‘zgarishlar va shu jumladan Rossiya rublining ham O‘zbekiston milliy valutasiga ta’siri bor. Lekin bu ta’sir yuqori ham emas, juda past ham emas. Buni kompensatsiya qilish mumkin.
Shu kungacha e’lon qilingan sanksiyalar rublning kursi haddan tashqari tushib ketishiga sabab bo‘ladigan sanksiyalar emas. Endi men eng kutgan og‘ir choralar “sanksiyalarning onasi” deb ham ataldi, bu – AQSh dollari yoki yevroni Rossiya banklari ishlatishiga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan taqiq. Eng katta zarba shu bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ikkinchi og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan narsa Rossiyani SWIFT tizimidan uzish bo‘lishi mumkin. Bu baholab bo‘lmaydigan oqibatlar keltirib chiqaradi. Buning oqibati bizning iqtisodiyotimiz, milliy valutamizga qanday ta’sir qiladi, bu to‘g‘rida aniq fikrga ega emasman, chunki voqealarni prognoz qilib bo‘lmaydi. Lekin umuman olib qaraganda global keskinlik darajasiga yetmaydigan bo‘lsa, bemalol bu xatarlarni minimallashtirish mumkin”, – dedi iqtisodchi.
Rublning qadrsizlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov bu savolga 2020 yil oktyabr oyidagi matbuot anjumanida javob bergandi. 2020 yil 8 oyida yil boshidan beri rubl dollarga nisbatan 24 foizga qadrsizlangan. O‘shanda Markaziy bank raisi rubl volatilligining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri bir-ikki chorak kechikish bilan sezila boshlashi mumkinligini aytgandi.
“Bu birinchi navbatda pul o‘tkazmalarining qisqarishiga ta’sir qiladi. 9 oy ichida transferlar kamayishi bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil etdi. Va agar siz mamlakatlar kontekstida qarasangiz, Rossiyadan tushadigan daromadlarning kamayishi 11 foizni tashkil qiladi. Bu yerda, albatta, rublning qadrsizlanishi o‘z rolini o‘ynadi. Ya’ni xorijiy valutadagi pul o‘tkazmalarining qisqarishiga ta’sir qiladi.
Xususan, joriy yilning 9 oyida transchegaraviy o‘tkazmalar hajmi 175 million dollarga (3,9 foiz) kamayib, 4,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich oxirigacha 5,5-5,6 milliard dollarga yoki 2019 yilga nisbatan 6-8 foizga kamayishi kutilmoqda.
Biz istaymizmi-yo‘qmi Rossiya bozoridagi tovarlarimiz rus rublida baholanadi. Tabiiyki, bu eksportchilarimizning daromadlarida ham o‘z ifodasini topadi. Biz buni allaqachon his qilamiz, ko‘ramiz. Buning o‘rnini eksport hajmini oshirish hisobiga qoplaymiz”, – degandi regulyator rahbari.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham Kun.uz bilan suhbatda rublning qadrsizlanishi transchegaraviy pul o‘tkazmalariga qanday ta’sir qilishi haqida ham gapirdi.
“Rublning qadrsizlanishi transchegaraviy pul o‘tkazmalariga ham ta’sir qiladi. 23 fevral holatiga ko‘ra, rublning dollarga nisbatan qiymati 80 rubldan oshdi. Bu 6 foiz yo‘qotish degani. Rossiyadan keladigan pul o‘tkazmalarining qisqarganini Qrim voqealarida ham ko‘rdik. Lekin boya aytganimdek, bizning iqtisodiyotimiz pul o‘tkazmalarigagina bog‘liqmas.
Tasavvur qilaylik, pul o‘tkazmalarida 5-6 foiz qisqarish yuz berdi, lekin geosiyosiy keskinlik tufayli O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari – oltin 1915-1920 dollargacha chiqadi, 1800 dollar atrofida edi. Bir pozitsiyada yutqazganimizni ikkinchi pozitsiyada qo‘shimcha aktivlardan kompensatsiya qila olamiz. Shuning uchun tashqi iqtisodiy faoliyatda diversifikatsiya kerak. Hech qachon bitta manba, tovar, vositaga bog‘lanib qolish kerak emas.
Uzoq yillar pul o‘tkazmalarining jami valuta tushumlaridagi o‘rni haddan tashqari yuqori edi. Ya’ni eksport tushumidan 50-60 foizgacha yuqori darajada bo‘lgan. Hozir vaziyat o‘zgaryapti, lekin bizning bog‘liq bo‘lgan mablag‘larimizning ham xilma-xilligi oshmoqda. Shu nuqtayi nazardan haddan tashqari muammolar tug‘diradigan holat deb atamagan bo‘lardim”, – dedi iqtisodchi.
Ma’lumot o‘rnida, 24 fevral kuni global bozorda oltin narxi 1900 dollardan oshdi ( 5 foiz o‘sish). Bugun esa narx 1895 dollarni ko‘rsatmoqda.