1979 yil 12 dekabrda SSSR Siyosiy byurosi Afg‘onistonga qo‘shin kiritish haqida qaror qabul qildi. 27 dekabr kuni O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikistondan umumiy hisobda 32 ming zaxiradagi harbiy xizmatchi chaqirilib, jangovar harakatlarga tayyorlandi. 25-27 dekabr kunlarida Afg‘onistonga ko‘plab harbiy bo‘linmalar olib kirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 64 500 nafar yigit afg‘on urushiga jalb qilingan.

Oilada yakka-yu yolg‘iz farzand bo‘lgan Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida tug‘ilgan Abdulaziz Pattoxonov ham 19 yoshida, ya’ni 1986 yilda afg‘on urushiga jo‘nab ketadi. Uyga qaytishiga atigi 21 kun qolganda u afg‘on jangchilari qo‘liga asir tushadi.

  Abdulaziz Pattoxonov afg‘on jangchilari qo‘lida asirlikda / Foto: www.kandagar.su

Qandahor shahriga ketayotgan mashinalar karvoni afg‘onlar pistirmasiga tushib qoladi. Farg‘onalik askar boshqarib ketayotgan mashina nishonga olinishi oqibatida yukxonadagi kerosin portlaydi. Abdulaziz Pattoxonov yonayotgan mashina eshigini ochib, o‘zini pastlikka otadi. Sakramoqchi bo‘lib o‘zini chuqurlikka tashlaganida, to‘g‘ri pistirmada poylab yotgan afg‘onlarning ustiga tushadi. Kutilmagan holatdan afg‘onlar sarosimaga tushib darhol askar qo‘lini bog‘laydilar. 105 kun davomida Abdulaziz Pattoxonov afg‘onlar qo‘lida tutqunlikda yashaydi. Keyinchalik u sovet askarlari tomonidan asir olingan 7 nafar afg‘on jangchilariga almashtiriladi.

Asirlik damlari / Foto: www.kandagar.su

Kun.uz muxbiri afg‘onlar qo‘lida asirlik azob-uqubatini tortib, boshidan ko‘p musibat o‘tgan Abdulaziz Pattoxonov bilan suhbatlashdi. U Afg‘on diyorida boshidan o‘tgan voqealarni hikoya qilib berdi... 

Afg‘onga ketish...

«Oilada yakka-yu yolg‘iz farzandman. Ota va onam bilan birga yashar edik. Maktabni tamomlab, 1985 yilda DOSAAFda 3 oy haydovchilikka o‘qiganmiz. DOSAAFni bitirganimdan keyin 1986 yilda armiyaga chaqirildim. “Mayskiy priziv” bo‘lib bordik. Farg‘ona viloyatidan 45 nafar bola xizmatga chaqirilganmiz. Termizga qarab ketdik. Armiyaga ketishdan avval Germaniyaga ketayotganimizni aytishgan edi. Shunday qilib Termiz shahrida harbiy tayyorgarlik o‘tadik. Afg‘onistonga ketayotganimizni ana o‘shanda bildik.