O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida xalqaro maydondagi joriy vaziyat haqida so‘z yuritdi.
“Bugungi dunyo katta sinovlarni boshdan kechirmoqda. Global xavfsizlik va barqaror rivojlanishga jiddiy tahdidlar tobora kuchaymoqda.
Geosiyosiy jarayonlar ko‘z o‘ngimizda shiddat bilan o‘zgarmoqda. Jahonda qurollanish poygasi yana avj olmoqda. Yirik mamlakatlarning harbiy xarajatlari 2010 yilga nisbatan 1,5 baravar ortib, 2,5 trillion dollarga yetdi.
Iqtisodiy inqiroz asoratlari, moliyaviy resurslar taqchilligi hisobiga jahon yalpi ichki mahsuloti o‘sish sur’atlari ketma-ket 3 yil davomida pasaymoqda.
Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatiya kuchi zaiflashmoqda. Buni hammamiz ko‘rib turibmiz, bilib turibmiz, sezib turibmiz. Har kuni dunyo miqyosida voqealar bo‘lyapti...
Eng achinarlisi, insoniyat uchun eng dolzarb muammolar – oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allik, iqlim o‘zgarishi kabi masalalarga e’tibor kamaymoqda.
Dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga bo‘lgan umumiy ishonchni tiklash har qachongidan ham muhim. Biz tinchlik, adolat va inson qadri tamoyillarida ana shu umumiy ishonchni tiklashni har qachongidan ham muhim deb o‘ylaymiz.

Biz Ukraina bilan bog‘liq vaziyatni faqat diplomatik yo‘llar bilan hal etish lozim, deb hisoblaymiz. Istanbulda bo‘lib o‘tayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni olqishlaymiz.
Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 21-asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyuyatsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir.
Global kun tartibidagi yana bir masala – qo‘shni Afg‘onistonning tinch va barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Bu davlatning amaldagi hukumati bilan xalqaro maydonda konstruktiv muloqot olib borish, uning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik har qachongidan ham muhim, deb o‘ylaymiz.
















