Jahon | 16:29 / 02.03.2022
37003
4 daqiqa o‘qiladi

«Putin uni nima kutayotganini bilmaydi». Jo Bayden yangi javob choralarini va’da qildi

AQSh prezidenti Jo Bayden millatga murojaatida Vladimir Putin G‘arb Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qanday javob berishini chamalashda xato qilganini aytdi.

Foto: Reuters

Bayden o‘z nutqida amerikaliklarni erkinlik doim zulm ustidan tantana qilishi borasidagi qat’iyatiga ishontirdi.

Kelgusi iqtisodiy javob choralari haqida gapirarkan, AQSh prezidenti Putin haqida shunday dedi: «U o‘zini nima kutayotganini tasavvur qila olmaydi».

«Olti kun oldin Putin erkin dunyo poydevorini silkitmoqchi bo‘ldi, uni o‘z tahdidim qarshisida bosh egdiraman deb o‘yladi. Ammo u qattiq adashdi.

U o‘yladiki, Ukrainaga kirishim bilan dunyo ostin-ustun bo‘lib ketadi deb. Buning o‘rniga uni o‘zi o‘ylamagan va tasavvur ham qilmagan mustahkam devor qarshi oldi, bu - ukrain xalqi», - dedi Bayden.

«Putinning urushi qasddan va sababsiz edi. U bir necha bor diplomatik sa’y-harakatlarni inkor etdi... U G‘arb va NATO javob qaytarmaydi deb o‘yladi. U o‘yladiki, bizni bo‘lib yuborish mumkin... Putin xato qildi. Biz tayyor edik», - degan Jo Bayden.

Shu bilan birga amerikaliklar yetakchisi AQSh «NATOning har bir dyuym hududini himoya qilishi», ammo Ukrainada urush qilmoqchi emasligini ta’kidlagan.

«Ochig‘ini aytishga ruxsat bering: bizning kuchlarimiz Ukrainada rossiyalik harbiylar bilan mojaroga aralashmaydi. Bizning harbiylarimiz Ukrainaga jang qilish uchun yuborilmaydi, ammo ular NATO bo‘yicha ittifoqchilarimizni himoya qilishadi», degan Bayden.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ittifoqchilari, jumladan Polsha, Ruminiya, Latviya, Litva va Estoniyani himoyalash uchun quruqlik, dengiz va havo kuchlarini safarbar qilmoqda.

Jo Bayden AQSh va hamkorlar Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy bosqiniga sinchkovlik bilan tayyorlangan.

«Men yevropalik ittifoqchilarimizni birlashtirish uchun behisob vaqtimni sarfladim. Ittifoqchilarimiz bilan biz hozirda kuchli iqtisodiy sanksiyalar kiritmoqdamiz. Ittifoqchilarimiz bilan birgalikda ukrainlarni ularning erkinlik uchun kurashida qo‘llab-quvvatlamoqdamiz. Harbiy yordam. Iqtisodiy yordam. Insonparvarlik yordami. Biz Ukrainaga 1 mlrd dollardan ortiq miqdorda to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam jo‘natdik», degan u.

Bayden Ukraina bilan bog‘liq vaziyatda davlatlar rahbarlarining birdamligi kuzatilayotganini qayd etgan. «Biz yanada birdam Yevropani, yanada birdam G‘arbni ko‘rmoqdamiz», degan AQSh prezidenti.

Yana bir javob chorasi sifatida Bayden AQSh ham Yevropa va Kanada ortidan o‘z havo kengliklarini Rossiya samolyotlari uchun yopishini ma’lum qildi.

Amerika transport vazirligi bu taqiq Rossiya tomonidan foydalaniladigan, shu mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikat berilgan barcha samolyotlarga, jumladan charter reyslarga ham taalluqli bo‘ladi.

Bu vaqtda Kongressdagi ikki partiya vakillari ham Oq uy Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qat’iylashtirishiga, jumladan Rossiya nefti importiga taqiq qo‘yishiga erishishga harakat qilmoqda.

Yetakchi respublikachilar Baydenning chiqishini tanqid ham qilishdi, ular Ukrainadagi mojaro avj olgan vaqtda Rossiya neft eksport qilishda davom etayotganiga e’tibor qaratishgan. Ayrim demokratlar ham bu borada gapirishmoqda, shu bilan birga AQShda neft qazib olish hajmini oshirishga qarshi chiqishmoqda.

Millatga murojaatidan bir necha soat oldinroq Bayden Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan olti kundan buyon Rossiya hujumini qaytarayotgan ukrainlarga AQSh qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligi borasida gaplashgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid