Jamiyat | 14:27 / 04.03.2022
13545
3 daqiqa o‘qiladi

“Bolam bir kunda 5 mahal dori ichib yashayapti”: mitti jonning ulkan dardi

Jigarida nuqson bilan dunyoga kelgan Muhammadrizoga otasining jigaridan bir qismi ko‘chirib o‘tkazilgan. 1 yoshli go‘dakning batamom sog‘ayishi uchun yana xorijga borib ko‘rikdan o‘tish va muolajani davom ettirish zarur. Ijarada yashaydigan oilada hozir hech kim ishlamaydi – donorlikdan so‘ng oila boshlig‘i yarimjon bo‘lib qolgan.

Endigina 1 yoshga to‘layotgan bolakayning javdiragan ko‘zlari yashamoq istaydi. O‘zi mitti bo‘lsa-da katta dardni yengishda tinim bilmayotgan vujudidagi yurakcha hayot uchun uradi. Farg‘onalik Muhammadrizo tug‘ilgandayoq jigarida nuqson borligi ma’lum bo‘lgan. 4 oylik chaqaloqda jigar sirrozi aniqlanib, Hindistonda o‘tkaziladigan operatsiya tavsiya qilingan.

“Bolam 4 oyligida Hindistonga olib bordik, ammo pulimiz yetmasdan qaytib keldik. Hamma topgan-tutganlarimizni sotib, qarindosh-urug‘lar yordami bilan yana borib operatsiya qildirdik. Operatsiyamiz mablag‘ining asosiy qismi "Ona fondi" tomonidan to‘lab berildi va biz ulardan juda minnatdormiz. O‘g‘limga otasi donor bo‘ldi. Jigarining bir qismini unga ko‘chirishdi. Endi uni ko‘rikdan o‘tkazib turishimiz, dori-darmonlarini vaqtida yetkazib berishimiz kerak. Shunda farzandim sog‘ayib ketadi. Lekin operatsiyadan keyin moddiy ahvolimiz batamom qiyinlashdi. Xorijga borib kelish uchun yo‘l xarajatlariga ham imkon topolmayapmiz”,- deydi bemor bolajonning onasi Mohida Tojimatova.

Bolaning otasi Bobomurod Tojimatov o‘g‘liga donorlikdan so‘ng salomatligini hali to‘liq tiklab ulgurmagan. Hozircha biror joyda ishlash uchun sog‘ligi to‘g‘ri kelmaydi. Kira qilib tirikchilik o‘tkazadigan avtomobilini esa operatsiya xarajatlari uchun sotib yuborgan.

Oila ayni paytda ijarada yashashadi: qishloq sharoitidagi holat bemor bola parvarishi uchun og‘irlik qilgani sabab birovning uyida turishibdi.

“O‘ynab turgan bolalarni ko‘rib mening bolam ham shunaqa yurishini orzu qilaman. Ko‘pchilikka qo‘shish mumkin emas, uydan chiqmaymiz. Hatto ota-onamni ko‘rishga ham bora olmayman. O‘g‘limning oziq-ovqatiga e’tibor berishim kerak. Bir kunda 15 mahal dori ichishi kerak”, - deya yig‘laydi onaizor.

Jismiga hayot ne’mati ato etilgan har bir jon uzoq yashashni istaydi. Ming bir rangda tuslanayotgan dunyoga javdiragan ko‘zlari bilan boqayotgan go‘dakning umri uzoq bo‘lishiga hissa qo‘shganlarning savoblari qabul bo‘lg‘usi.

Muhammadrizo G‘ulomjonovga oid ma’lumotlar: 

O‘zkard: 8600 0417 3731 5771 otasi Bobomurod Tojimatov nomida

Humo: 9860 2301 0345 9197 onasi Mohida Tojimatova nomida

Viza: 4231 2000 0826 7790 otasi Bobomurod Tojimatov nomida

Mavzuga oid