O‘zbekiston | 11:30 / 07.03.2022
26649
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida yomg‘irli ob-havo kutilmoqda - «O‘zgidromet»

Bugun kunduz kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo o‘zgarib turadi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kunning birinchi yarmida, respublikaning qolgan hududlarida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Havo harorati 13-18 daraja iliqni tashkil etadi.

Keyinchalik, ish haftasining oxirigacha, Erondan va Kaspiy dengizi hududlaridan bir qator nam havo massalari kirib kelishi hisobiga respublika hududlari bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi.

Faqat 10 martda respublika hududlarining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, haftaning qolgan kunlari respublikaning barcha viloyatlari bo‘yicha turli jadallikdagi yomg‘irlar tanaffus bilan yog‘ishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir kamroq yog‘adi va yog‘ingarchilik orasidagi tanaffus uzoq bo‘ladi.

10-11 martda ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin. Haftaning birinchi yarmida havo harorati 11-16 daraja iliq atrofida bo‘ladi, ikkinchi yarmida esa harorat 18-21 daraja issiqqacha ko‘tariladi.

Respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida bo‘ladi va qor ko‘chkisi xavfini yaratadi. 12-13 mart, dam olish kunlarida ham yomg‘irli ob-havoning beqarorligi saqlanib turadi.

Mavzuga oid