Jahon | 18:09 / 11.03.2022
9938
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh prokuraturasi suddan Meta kompaniyasini ekstremistik tashkilot deb topishni so‘radi

Xabar qilinishicha, Roskomnadzor tomonidan Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklanadi.

Foto: Reuters

Rossiya bosh prokuraturasi Roskomnadzordan Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirishni cheklashni talab qildi.

Qayd etilishicha, Instagram tarmog‘ida Rossiya fuqarolariga nisbatan tajovuz qilish (o‘ldirish), mamlakat hududida ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga chaqiriqlar aks etgan ma’lumotlar joylashtirilmoqda.

“Shu sababli Rossiya bosh prokuraturasi tomonidan Roskomnadzordan Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirishni cheklash talab qilindi”, - deyiladi mamlakat bosh prokuraturasi xabarida.

Bosh prokuraturaning ma’lumot berishicha, avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘i Rossiya fuqarolarining huquq va erkinliklarini buzishga aloqador deb topilgan. 

“Mazkur qaror asosida Roskomnadzor tomonidan Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlariga kirish cheklanadi”, - deyiladi Rossiya bosh prokuraturasi xabarida.

Bundan tashqari, Rossiya bosh prokuraturasi Meta Platforms Inc kompaniyasini ekstremistik tashkilot deb topish va Rossiya hududida uning faoliyatini taqiqlashni so‘rab sudga ariza yo‘llagan.

Avvalroq OAV Meta kompaniyasi ayrim mamlakatlardagi Facebook va Instagram foydalanuvchilariga Ukrainadagi vaziyat tufayli rossiyaliklar va Rossiya harbiylariga qarshi zo‘ravonlik qilishga chaqirishga ruxsat berishini xabar qilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya, Ukraina, Polsha, Latviya, Litva, Estoniya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyadagi foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlarda ana shunday chaqiriqlarni joylashtirishga ruxsat berilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid