Dam olish kunlari respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi - «O‘zgidromet»
Bugun O‘zbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa qismidan sovuq havo massasi kirib keldi, respublika hududining katta qismida beqaror ob-havo saqlanib turadi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida kunning birinchi yarmida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kuchli bo‘ladi.
Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida 22-27 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduz kuni 4-7 daraja iliqdan yuqori bo‘lmaydi.
Shanba kuni faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida biroz yog‘ingarchilik (asosan qor ko‘rinishida) saqlanib turadi. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq - 3 daraja iliqqacha pasayadi, kunduzi 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.
Yakshanba kuni respublikaning katta qismida quruq va o‘rtacha iliq ob-havo kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘iston shimolida ba’zi joylarda biroz qor kuzatiladi. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq - 3 daraja iliqni, kunduzi 7-12 daraja iliqni tashkil etadi.
18-19 mart kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor. Ushbu kunlarda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.