O‘zbekiston | 11:04 / 18.03.2022
4625
3 daqiqa o‘qiladi

Mustaqillikdan oldin 20 millionga ham yetmasdik, hozir 35 milliondan oshdik. Bu ham Allohning marhamati – prezident

Xalqaro forumlar saroyida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev aholi turmush tarzini yaxshilash masalasiga to‘xtaldi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Mustaqillikdan oldin aholi soni bo‘yicha 20 millionga ham yetmasdik, hozir 35 milliondan oshdik. Bu ham Allohning marhamati. Endi bu xalqimizning munosib turmush tarzi haqida o‘ylashimiz kerak. Hududlarda 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining yuzdan ortiq filiallari o‘z faoliyatini boshladi. Natijada, ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 210 turdagi operatsiyalar va diagnostika jarayonlarini mahalliy shifoxonalard́a o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga, 130 turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa, tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi besh yilda yangi 200 turdagi jarrohlik amaliyoti joriy etilgani, jumladan, buyrak va jigar transplantatsiyasi respublikamiz shifoxonalarida yo‘lga qo‘yilgani, ayniqsa e’tiborlidir.

Misol uchun, poytaxtimiz va hududlarda o‘tkazilgan buyrak transplantatsiyasi orqali, shu kungacha 700 ga yaqin fuqarolarimizning hayoti saqlab qolindi. Hammangiz yaxshi bilasiz, avvallari har yili minglab yurtdoshlarimiz davo istab chet elga borishga majbur edi. 

Tasavvur qiling, odam o‘zi og‘ir kasal bo‘lsa, qancha vaqt, qancha mablag‘ sarflaganidan tashqari, jonini ham xatarga qo‘yib, begona yurtlarda sarson bo‘lib yurardi.

Endilikda, yaratilgan yangi sharoit va imkoniyatlar hisobiga, ilgari xorijda bajarilgan qimmat operatsiyalar, o‘zimizning shifokorlar tomonidan amalga oshirilayotgani, albatta katta yutuqdir.

Xabaringiz bor, yaqin-yaqingacha ehtiyojmand aholining, respublika tibbiyot markazlarida davolanishi uchun “order” degan bir eski tizim bor edi. Ushbu “orderlar” qog‘oz shaklida yuritilib, aksariyat hollarda tanish-bilishchilik asosida berib kelingani, hech kimga sir emas.

Shu bilan birga, “order” uchun mablag‘lar respublika tibbiyot markazlariga bemor kelsa-kelmasa, uning miqdori yetarlimi yoki yo‘qmi, har yili o‘tkazib kelingan. Oqibatda, haqiqiy ehtiyoji bor aholi davolanish uchun yillab navbatda turgan bir vaqtda, ayrim markazlar samarasiz moliyalashtirib kelingan.

Biz bunday amaliyotdan to‘liq voz kechib, ehtiyojmand aholi uchun, respublika tibbiyot markazlarida xizmat ko‘rsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga o‘tdik. Endi, ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma haqiqiy ehtiyoji bor aholiga “elektron navbat” asosida berilmoqda”, – deya prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid