Davlat rahbari murojaatida inson qadri va aholi salomatligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etildi. So‘nggi yillarda sohaga ajratilayotgan budjet mablag‘lari 6 karraga oshgani, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar markazdan hududlarga kengaytirilgani bildirildi.

Birlamchi bo‘g‘inni kuchaytirish maqsadida xalqaro tajribaga asoslangan yangi model joriy etildi: qisqa muddatda 490 ta muassasa qayta tashkil etildi, 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyat boshladi. Raqamlashtirish yo‘nalishida DMED yagona platforma ishga tushirilib, unga 36 mln+ fuqaroning tibbiy ma’lumotlari integratsiya qilindi, tez tibbiy yordam chaqiriqlarini elektron boshqarish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortib, klinikalar soni 3,5 mingdan 9 mingga yetdi, xizmat turlari 50 tadan ~130 tagacha ko‘paydi. Farmatsevtika ishlab chiqarishi 1,4 trln so‘mdan 6,3 trln so‘mga, eksport hajmi 6,3 mln dollardan 250 mln dollarga o‘sgani ta’kidlandi.

Sog‘liqni saqlashda amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2017-yildan buyon onalar o‘limi 21 foizdan 11 foizga, chaqaloqlar o‘limi 11,5 foizdan 7,8 foizga kamaygani, o‘rtacha umr ko‘rish 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygani qayd etildi.

Prezident shifokorlar mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularning mehnat sharoitlarini yaxshilash va malakasini oshirishni izchil davom ettirishini ma’lum qildi. Shuningdek, innovatsiyalar, sun’iy intellekt asosidagi tashxis va muolajalarni kengaytirish, xalqaro standartlarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.