Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olis hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar ish haqiga 2 mln so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi
O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha 7 ta muhim yo‘nalishda chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
“Har bir band bo‘yicha aniq moliyaviy manbalar, texnik yechimlar va amaliy mexanizmlar belgilandi.
Birinchi yo‘nalish – murojaatlarning 55 foizi, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish bilan bog‘liq (14 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan).
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Jizmon mahallasi aholisi tibbiy xizmatlar uchun 48 kilometr masofani bosib, tuman markaziga borishga majbur bo‘lmoqda, Vobkentdagi 3 mingdan ziyod aholi yashaydigan Bozor joyi mahallasida oilaviy poliklinika mavjud emas.
Olis va chekka hududlar aholisi oilaviy shifokor punktlarida vrachlar yetishmasligi sababli, zarur tibbiy xizmatlar olish imkoniyati yo‘qligi haqida shikoyat qilgan (1,5 mingta murojaat). Haqiqatan ham, 56 ta tumandagi 243 ta olis va chekka mahallada 562 ta shifokor lavozimi vakant bo‘lib turibdi.
Mingbuloq tumanidagi 4 ta oilaviy shifokor punkti xodimlari har haftada 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan 15 ta mahalladagi 750 nafar bemorni uyiga borib, ko‘rikdan o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
Holbuki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, birlamchi tibbiy xizmat punkti 3 kilometr uzoqlikda yoki piyoda borishda 20 daqiqalik masofani tashkil etishi kerak.
Shu bois, joylarda fuqarolarimizga tez, qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha alohida manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Buning natijasida, 85 foiz muammolarni birlamchi tibbiyot muassasalarida hal qiladigan tizim yaratiladi. Avvalambor, joylarda poliklinikalar tarmog‘i yanada kengaytiriladi.
Jumladan, 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 2023 yildan boshlab, joylardagi poliklinika filiallari negizida, 1 ming 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.
Shu tariqa qariyb 1 million nafar aholi tibbiy xizmat bilan qamrab olinadi. Shuningdek, 2 mingdan ziyod olis va chekka mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Ular orqali olis va chekka hududlardagi 4 million nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Xabaringiz bor, 2021 yildan boshlab, boshqa joydan olis va chekka hududlarga kamida uch yil ishlab berish uchun kelgan shifokorlarga 30 million so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli to‘lash, ularni xizmat uyi bilan ta’minlash yoki ijara to‘lovini (oyiga 540 ming so‘m) budjetdan qoplab berish tizimini joriy etgan edik.
Endi, “Qishloq shifokori” dasturi yanada takomillashtiriladi va 2022 yil 1 maydan boshlab: olis va chekka hududlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlarning oylik ish haqiga 2 million so‘mdan qo‘shimcha ustama to‘lanadi; ushbu shifokorlarga ipoteka asosida uy-joy sotib olish xarajatining 50 foizgacha qismi mahalliy budjetlardan qoplab beriladi; bundan buyon, olis va chekka hududda uzluksiz uch yil ishlagan shifokor, klinik ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinadi.
Yana bir masala – xabaringiz bor, iqlim va aholining turmush tarzi o‘zgarishi (kamharakatlik, noto‘g‘ri ovqatlanish) oqibatida dunyoda asab tizimi, yurak-qon tomir, diabet kasalliklari tobora ko‘payib bormoqda.
Mamlakatimizda ham har yili shunday kasalliklarga uchragan yuz minglab bemorlar qayd etilmoqda. Lekin tuman kasalxonalarida bunday kasalliklar bo‘yicha yotib davolanadigan bo‘limlar yo‘qligi sababli bemorlar viloyat va respublika shifoxonalariga borishga majbur bo‘lmoqda.
Endi ana shu kasalliklar bo‘yicha, aholining o‘zi yashayotgan joyida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Jumladan, 2022 yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi o‘rinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, budjetdan moliyalashtiriladi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilda 20 foizga yetkaziladi”, dedi prezident.
Mavzuga oid
19:17 / 26.08.2025
Iordaniya podshohining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi
14:58 / 26.08.2025
O‘zbekiston va Iordaniya hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024