O‘zbekiston | 11:20 / 18.03.2022
5648
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident tibbiyot bo‘yicha kelib tushgan 17 mingta murojaat tizimli masalalarga oid ekanini ma’lum qildi

Xalqaro forumlar saroyida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaga tibbiyot xodimlari maqomini ta’minlaydigan qoidani kiritish masalasiga to‘xtaldi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Bu haqda gapirganda, men avvalo, bugungi kunda salbiy ekologik ta’sirdan zarar ko‘rayotgan Orolbo‘yi mintaqasi haqida o‘ylayman. Ayni vaqtda ekologiya sohasidagi huquq buzilishlari oqibatida, fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini, davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. 

Bu ham Bosh qomusimizda aniq-ravshan belgilanishi zarur. Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlaydigan qoidani ham muhrlab qo‘yishimiz lozim”, dedi davlat rahbari.

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha murojaatlarning 8 ming 400 tasi yoki 32 foizi shaxsiy masalalarga oid bo‘lib, bugungi “ochiq muloqot”ga qadar ularning 90 foizi hal qilingan. 

“Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari va aholimiz tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 68 foizi (17 mingta) tizimli masalalar hisoblanadi.

Misol uchun:

  • ayrim tibbiyot muassasalari aholi uchun uzoq va noqulay joylashgan. 3 mingdan ortiq mahalla aholisi oilaviy shifokorlik punktiga borish uchun, 10 kilometrdan 75 kilometrgacha yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda;
  • tibbiy xizmatlar aholi ehtiyojiga, hududlardagi odamlarning turmush tarziga, ma’lum bir kasalliklarning ko‘payishiga qarab, belgilanmagan.

Masalan, Qashqadaryoda yurak-qon tomir kasalliklari birinchi o‘rinda bo‘lib (410 ming kishida kasalliklar aniqlangan), har yili kamida 10 foizga oshmoqda. Lekin, kardiologlar shtati va shifoxona o‘rinlari soni so‘nggi 20 yilda o‘zgarmasdan kelmoqda;

  • birlamchi bo‘g‘inda 70 foiz tibbiy asbob-uskunalar eskirgani tufayli, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati pastligicha qolmoqda;
  • shifokorlarning oylik maoshi ish natijasiga qarab emas, lavozim tarif setkasiga ko‘ra belgilangan;
  • ta’lim va amaliyot bir-biridan uzilib qolgan, tibbiyot oliygohlarida bitiruvchilarning aksariyatida ish faoliyati uchun zarur amaliy ko‘nikma yo‘q. 

Mana shunday kamchilik va nuqsonlar sababli, aholi tibbiyot tizimidan hali to‘liq rozi emas”, dedi prezident.

Mavzuga oid