O‘zbekiston | 12:08 / 19.03.2022
23302
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yana bir bor Ukrainadagi mojaro yuzasidan pozitsiyasi o‘zgarmas ekanini ma’lum qildi

Kecha, 18 mart kuni Yevropa ittifoqi va unga a’zo davlatlar, shuningdek, Buyuk Britaniya, Yaponiya va AQShning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari tashabbusi asosida, Tashqi ishlar vazirligida diplomatik korpus rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuvda xorijiy diplomatik missiyalar rahbarlari Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha o‘z qarashlari haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, diplomatlar xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni tezda to‘xtatish, konstruktiv muzokaralar jarayonini o‘tkazish va ushbu mamlakatda xalqaro gumanitar huquqni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, vazirlik uchrashuvda yana bir bor mojaro yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasi ochiqlanganini ma’lum qilgan.

«O‘zbekiston tomoni Respublikaning ushbu masala bo‘yicha vazmin va betaraf yondashuv hamda vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqiriqni ko‘zda tutadigan o‘zgarmas pozitsiyasini bildirdi.

O‘zbekiston Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatgani, Ukraina bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirib borayotgani alohida ta’kidlandi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida nutq so‘zlagan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukraina mojarosidagi O‘zbekiston pozitsiyasini ma’lum qilgan edi.

Abdulaziz Komilov, O‘zbekiston Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishini, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni esa tan olmaganini bildirgan. Shuningdek, vazir harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga, mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilishga chaqirgan edi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid