O‘zbekiston | 20:00 / 19.03.2022
15788
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmoni bilan 75 nafar shaxs afv etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Foto: KUN.UZ

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 75 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 2 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 16 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 17 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 6 nafarini nogironlar hamda 9 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid