Jamiyat | 12:29 / 22.03.2022
16261
2 daqiqa o‘qiladi

“To‘rt qizdan keyin tug‘ilgan o‘g‘lim omon qolsin”: xasta go‘dak bilan xorijda sarson ota-ona

Parkentlik oilaning yolg‘iz o‘g‘li Muhammadumar bir yoshga to‘lmay bir nechta dardga chalindi. Hozir u ota-onasi bilan Hindistonda. Uyi sotuvda, qolgan hamma narsasi sotilgan oilaning operatsiya uchun qurbi yetmayapti.

Dard qarshisida barchamiz ojizmiz. Shunday xastaliklar borki, har qanday zabardast vujudni ojizga, har qanday badavlatni yo‘qsilga aylantiradi.

Toshkent viloyati Parkent tumanida yashaydigan oilaning farzandi Muhammadumar Jumaboyev endigina bir yoshni to‘ldirdi. Lekin uning murg‘akkina vujudida bir nechta dardlar qo‘nim topgan. Uning jigari va talog‘i kun sayin kattalashib ketyapti, shifokorlar ilik ko‘chirish operatsiyasi zarurligini aytishgan. Farzandidan ayrilishni istamagan ota-ona bor-yo‘g‘ini sotib, qarindosh-urug‘lari ko‘magida xorijga ketishgan. Barcha tekshiruvlardan o‘tgan oila endi murakkab operatsiya uchun kerakli to‘lovga qiynalib qolishdi.

“Bolamning jigari, talog‘i shishib ketyapti. O‘zbekistondan Hindistonga 15 ming dollar bilan kelgan edik. Tekshiruvlar, tahlillar uchun hamma pulimiz ketib qoldi. Uyimizni ham sotuvga qo‘yganmiz.

Bolam tuzalib ketishini, boshqa bolalar kabi bag‘rimda katta bo‘lishini xohlayman. To‘rt qiz farzandimdan keyin tilab olgan o‘g‘lim sog‘ayishi uchun yordamingizga muhtojmiz”, – deydi go‘dagi bilan Hindistonda davolanayotgan Mahfuza Olimboyeva.

Hali hayot neligini anglab ulgurmagan norasidaning darddan forig‘ bo‘lib, siz-u bizning farzandlarimiz kabi omonlikda yurishi uchun madad bo‘laylik. Zero, besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan bu oila uchun hozir oson bo‘lmayotganini bolajon xalqimiz juda yaxshi his qiladi.

Muhammadumar Jumaboyevga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0417 4632 5324 onasi Mahfuza Olimboyeva nomida

Visa: 4187 8000 0049 9087 otasi Rustam Olimboyev nomida

Mavzuga oid