Chubays iste’foga chiqdi va Rossiyani tark etdi
Anatoliy Chubays prezidentning barqaror rivojlanish bo‘yicha maxsus vakili lavozimini tark etdi va Rossiyadan chiqib ketdi. Bu haqda dastlab Bloomberg va Reuters agentliklari xabar tarqatdi, keyinroq bu ma’lumot Kremlda tasdiqlandi, «Kommersant» esa uning Istanbulda ekanini xabar qildi.
Bloomberg vaziyatdan xabardor bo‘lgan ikki manbaga asoslanib xabar yozgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Chubays prezident Vladimir Putinning Ukrainada urush boshlashiga rozi emasligini bildirgan holda iste’foga chiqqan va xorijga chiqib ketgan. Agentlik agar bu ma’lumot tasdiqlansa, Chubays Ukrainaga bosqin tufayli Kreml bilan aloqani uzgan ilk yuqori martabali rasmiy bo‘lishiga e’tibor qaratgan. Reuters manbasi ham Chubays urushga norozilik sifatida Kreml maxsus vakili lavozimidan ketib, mamlakatni tark etgani haqida aytgan.
«Ha, bu to‘g‘ri. Anatoliy Borisovich bu lavozimni tark etdi», - degan TASS muxbiriga Chubaysga yaqin bo‘lgan manba. Chubaysga aloqador bo‘lgan yana bir manba u Rossiyadan chiqib ketganini aytgan: «U maxsus vakil lavozimidan ham, mamlakatdan ham ketdi». «Hech narsa ayta olmayman, bundan xabarim yo‘q», - degan RBK bilan suhbatda uning akasi Igor Chubays Anatoliy Chubaysning iste’fosi va mamlakatdan ketgani haqidagi savolga javoban.
Keyinroq Kreml vakili Dmitriy Peskov «Interfaks» savoliga shunday javob qaytardi: «Ha, Chubays o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shadi. Ketadimi - ketmaydimi - bu uning shaxsiy ishi».
Chubaysning tanishlaridan ikki nafari RBK muxbiriga, u o‘z rafiqasi Avdotya Smirnova bilan Istanbulga borganini aytgan (Smirnovaning tanishi ham u Turkiyada ekanini tasdiqlagan). Ulardan biri, Chubays Rossiyaga qaytishini ham qo‘shimcha qilgan. «Kommersant» esa «Anatoliy Chubays Istanbulda» yozuvli suratni e’lon qilgan.
Uning o‘zi vaziyat bo‘yicha izoh bermagan. Forbes jurnalistlari u bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan. U Rossiyadan ketgani haqidagi savolni eshitishi bilan javob bermasdan, go‘shakni qo‘ygan. U Reuters agentligi muxbirining qo‘ng‘irog‘iga ham shunday munosabatda bo‘lgan.
Chubays Rossiya elitasining boshqa vakillari qatori, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini ochiq qoralamagan. Faqat sobiq vitse-premer, ayni vaqtda FIDe rahbari bo‘lgan Arkadiy Dvorkovich bundan mustasno. Shuningdek, milliarder Mixail Fridman ham bilvosita o‘z noroziligini oshkor etgan.
Chubays urushga noroziligini 19 mart kuni safdoshi Yegor Gaydarning tug‘ilgan kunida yozgan postida pardalangan holda izhor etgan.
«Rossiya kelajagi borasidagi o‘zaro bahslarimizda men har doim ham u bilan hamfikr bo‘lavermayman. Ammo, aftidan, Gaydar strategik risklarni mendan yaxshiroq anglaydi, men esa nohaq bo‘lganman», - degan u feysbukdagi sahifasida.
Bloomberg Chubaysni Rossiyadagi xususiylashtirish me’mori deb atagan va aynan u 1990-yillarda Putinga uning Kremldagi ilk lavozimini berganini, keyinroq esa uning hokimiyatga kelishiga xayrixoh bo‘lganini eslatgan.
66 yoshli Chubays - Putin hukumatida qolgan va G‘arbdagi amaldorlar bilan yaqin aloqalarni saqlab qolgan, 1990-yillardagi iqtisodiy islohotchilarning kam sonli vakillaridan biri hisoblanadi. Putin davrida u yirik davlat kompaniyalari - «YeES Rossii» («Rossiya yagona energetika tizimi» va «Rosnano» (Rossiya nanotexnologiyalar korporatsiyasi)ni boshqargan, 2020 yil dekabrida esa Rossiya prezidenti kutilmaganda uni barqaror rivojlanish uchun xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlagan.
Undan bir kun oldin Chubays Nanosanoat korxonalarining IX Kongressida onlayn ishtirok etib, o‘zi 12 yil boshqargan «Rosnano» davlat korporatsiyasidan ketayotganini e’lon qilgandi.
Politolog Gleb Pavlovskiy o‘shanda BBC bilan suhbatda Chubaysning «siyosiy qadriyatlari»ga e’tibor qaratgan va bu «liberal muhitning Kreml bilan ittifoqi saqlanib qolayotgani»ni anglatishini aytgandi.
1991-1994 yillarda Chubays davlat mulkini boshqarish bo‘yicha davlat qo‘mitasiga rahbarlik qilgan, keyinroq vitse-premer bo‘lgan, 1996-1997 yillarda prezident ma’muriyatini boshqargan, 1997-1998 yillarda birinchi vitse-premer lavozimida ishlagan, 1998 yildan «Rossiya yagona energetika tizimi»ni, 2008 yildan «Rosnano»ni boshqarishga kirishgan. 2020 yil 3 dekabrida prezidentning maxsus vakili lavozimiga tayinlangan.
Bloomberg 24 fevraldan keyin Rossiya hukumati bosqinni tanqid qiluvchilarga bosimni kuchaytirganini eslab o‘tgan.
16 mart kuni Putin hukumat yig‘ilishida «ichki dushmanlar», «beshinchi kolonna», «konseptual dushmanlarimiz» iboralarini qo‘lladi, «jamiyat o‘zini o‘zi tozalashi» haqida gapirdi va «beshinchi kolonna»ga «sotqinlar» deya tamg‘a qo‘yib, ichki kurashlarga tayyorligini bildirdi.
Rossiyada «harbiy feyklar» uchun yangi jinoiy va ma’muriy moddalar paydo bo‘lgan, urushni tanqid qilganlar va urushga qarshi aksiyalarda ishtirok etganlar qattiq jazolanishi mumkin.
Dvorkovich urushga qarshi pozitsiyasini bildirganidan keyin «Yedinaya Rossiya» tomonidan qilingan keskin hujumlar tufayli «Skolkovo» fondi raisligidan ketdi.
«Kommersant» YeI sanksiyalariga tushgach, «Aeroflot» bosh direktori Mixail Poluboyarinov lavozimi hamda Rossiyani tark etgani haqida yozgan. Aviakompaniyadagilar bu ma’lumotni rad etishgan. Ammo chorshanba kuni transport vaziri Vitaliy Savelev Poluboyarinovni «Aeroflot»ning sobiq bosh direktori deb atadi va u «hech qayerga ketmagani», «Moskvada bo‘lib turgani», «Rossiya kompaniyalaridan birida rahbar o‘rinbosari bo‘lib ishlashda davom etishi»ni qayd etdi.
Mavzuga oid
23:44 / 22.11.2024
Putin «Oreshnik» raketalari qurollanishga qabul qilinishi va seriyali ishlab chiqarilishini e’lon qildi
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
23:01 / 21.11.2024
Putin Dneprga «Oreshnik» nomli o‘rta masofaga uchuvchi ballistik raketa bilan zarba berilganini ma’lum qildi
20:56 / 21.11.2024