19:42 / 24.03.2022
27536

Kiyevda rossiyalik jurnalist ayol halok bo‘ldi. U Navalniyning safdoshlaridan edi

Foto: Oksana Baulinaning Facebook sahifasidan

The Insider jurnalisti Oksana Baulina Kiyev rossiyalik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilishi vaqtida halok bo‘ldi.

Nashrning yozishicha, Baulina tahririyat topshirig‘i bilan rossiyalik harbiylarning Kiyevdagi Podolskiy rayonini o‘qqa tutishi oqibatlarini tasvirga olgan va navbatdagi raketa zarbalari vaqtida halok bo‘lgan. U bilan birga yana bir kishi bu hujum qurboni bo‘lgan, unga hamrohlik qilgan ikki kishi yaralanib, shifoxonaga yotqizilgan.

Oksana Baulina avval Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondida ishlagan va «Navalnyy LIVE» kanalini ochgan, shuningdek «Otkrytaya Rossiya», Radio Svoboda va «Mediazona» nashrlari bilan hamkorlik qilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Rossiyada ekstremistik tashkilot deb e’lon qilingach, u mamlakatni tark etgandi.

Oksana Baulina 42 yoshda edi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon kamida besh nafar jurnalist halok bo‘lgani ma’lum.

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy sobiq safdoshi haqidagi xotiralarni esladi.

«Oksana Baulina «yaltiroq jurnalistika»da (InStyle, Time Out va Glamour kabi modalar jurnallarida) yuqori lavozimlarda ishlagan, ammo 2013 yilda katta maoshidan voz kechib, bizning shtabga kelgandi: «Mening vatanimda hokimiyatni o‘g‘ri va banditlar egallab olganida men moda bilan shug‘ullana olmayman. Kurashishni istayman». U chinakamiga kurashdi. Korrupsiyaga qarshi kurashda ko‘p yillar ishladi, keyin har bir loyihada ko‘ngillilik qildi. U menga yutyubdagi ilk strimimni olishda yordam ko‘rsatgandi.

U efirga taqib chiqishim uchun teatr rekvizitlari do‘konidan qaroqchilar bog‘ichini sotib olganida qanday kulishganimizni yaxshi eslayman — o‘shanda bir kun oldin yuzimga zaharli suyuqlik sepib ketishgan va shifokorlar studiyadagi chiroq ko‘zim uchun zararli bo‘lishini aytishgandi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi mustaqil nashrlarda ishladi. Oksana Kiyevda o‘qqa uchrab halok bo‘ldi. U kurashgan Kremldagi o‘g‘ri va banditlar uni o‘ldirishdi, bu jinoiy urushda boshqa ko‘plarni o‘ldirishgani kabi.

Biz — ruslar, ukrainlar, butun dunyo - o‘lim va xaos tarqatuvchi, hokimiyat va boylik uchun o‘n minglab kishilarni o‘ldiruvchi va Yevropadagi shaharlarni vayron qiluvchi Putinni yengish uchun barcha ishni qilishimiz kerak. Oksana Baulinaning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardligimni bildiraman».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top