O‘zbekiston | 23:19 / 29.03.2022
17350
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Turkiya ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaror qildi

O‘zbekiston-Turkiya strategik sherikligini kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisini qutlar ekan, o‘zaro hamkorlikda yuksak darajaga erishilganidan, mamlakatlarimiz parlamentlari, davlat idoralari, ishbilarmon doiralari va jamoatchiligi o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakatlarimizning qardoshlik rishtalariga asoslangan strategik sherikligi barcha sohalarda o‘zaro ishonch va hurmat ruhida rivoj topayotganini alohida qayd etdi.

Yetakchilar joriy yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilganining 5 yilligi nishonlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy tashriflari va muntazam muloqotlari siyosiy muloqotni mustahkamlashga xizmat qilib, sermahsul amaliy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochdi.

Savdo va investitsiya sohalarida aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tomonlar sheriklikni, shu jumladan savdo va iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar almashinuv kabi sohalarda yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga batafsil to‘xtaldilar.

O‘zbekistondagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib olindi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim hujjatlar imzolanishi ta’kidlandi. Preferensial savdo to‘g‘risida, qurilish, sog‘liqni saqlash, adliya, bojxona va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidan. Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish rejalashtirilgan.

Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildilar.

Muzokaralar yakunida Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevga ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Turkiyaga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

Mavzuga oid