Jahon | 09:06 / 03.04.2022
39537
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagilar Rossiya tinchlik bo‘yicha kelishuvga roziligini aytmoqda - Qrim bo‘yicha taklif istisno

ARDA KUCUKKAYA/ANADOLU AGENCY

Rossiya Istanbuldagi muzokaralar chog‘ida Ukraina tomonidan taklif etilgan tinchlik kelishuvi loyihasini og‘zaki shaklda qabul qilgan, faqat Qrim bo‘yicha taklif bundan mustasno. Bu haqda ukrainalik muzokarachilar guruhi rahbari David Araxamiya ma’lum qilgan.

Araxamiyaning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Kiyev Moskva o‘z pozitsiyasini xat orqali tasdiqlashini kutmoqda.

Araxamiya ayni vaqtda yuristlar va diplomatlar guruhi hujjatlarning yakuniy versiyasini tayyorlayotganini ma’lum qilgan. Shu kunlarda Vladimir Putin bilan gaplashgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga havola qilgan holda u Rossiya tomoni kelishuvlar loyihasi Putin va Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish uchun yetarlicha yetuk ishlab chiqilgan deb hisoblayotganini aytgan.

«Hozirda bizning vazifamiz — ko‘rib chiqilgan masalalarning yakuniy bosqichini tezroq ishlab chiqish va prezidentlarning ehtimoliy uchrashuviga tayyorlanish», — degan u va uchrashuv Anqara yoki Istanbulda o‘tkazilishi mumkinligini bildirgan.

  • Istanbuldagi muzokaralar 29 mart kuni o‘tkazilgandi. Muzokaralar chog‘ida Ukraina delegatsiyasi Kiyev xavfsizlik kafolati taqdim etilishi evaziga NATOga a’zo bo‘lib kirish rejalaridan voz kechishga tayyorligi, Donbass masalasi esa o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin Putin va Zelenskiyning o‘zaro uchrashuvida muhokama qilinishi mumkinligi aytilgan. Ukraina Qrim maqomi bo‘yicha keyingi 15 yil mobaynida maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif etgan.
  • 1 aprel kuni Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Kreml axborotida aytilishicha, Rossiya prezidenti Kiyev va Moskva o‘rtasida 29 mart kuni Istanbulda tashkillashtirilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirgan.
  • Erdo‘g‘anning devoni bayonotida esa tinchlik o‘rnatilishi uchun Turkiya tomoni Putin hamda Zelenskiy uchrashuvini tashkillashtirishga tayyorligini qayd etgani keltirilgan.

Mavzuga oid