O‘zbekiston | 07:43 / 09.04.2022
6557
3 daqiqa o‘qiladi

«Uzbekistan Airports» aeroportlari xususiy sektorga DXSh asosida boshqaruvga beriladi

Foto: Kun.uz

Prezident “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:

a) ikki oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJning Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Bunda, Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutiladi;

b) bir oy muddatda Jahon bankini jalb etib, 2022 yil 1 iyunga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tasdiqlandi.

Ishchi guruh (J.Qo‘chqorov) 2022 yil 1 avgustga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritadi:

o‘zining yo‘lovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temiryo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yo‘li bilan tarif siyosatini takomillashtirish;

temiryo‘l transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yo‘li bilan integratsiyalash;

temiryo‘l orqali ichki va xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish;

v) 2022 yil 1 avgustga qadar xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida jamoat transporti faoliyatiga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 1 dekabrga qadar Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etishni boshlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid