Bu o‘rinda ko‘pchilikni mamlakatning keyingi taqdiri nima bo‘lishi o‘ylantirishi tabiiy.
Kun.uz Afg‘onistondagi og‘ir vaziyat va kelgusida mamlakatda yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealar tahlili bo‘yicha siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va afg‘onshunos Suhrob Bo‘ronov bilan intervyu uyushtirdi.
— Qanday omillar afg‘on iqtisodiyotini jarlikka yiqitmoqda?
Kamoliddin Rabbimov:
— 2001 yilda AQSh va NATO koalitsiyasi Afg‘onistonga kirarkan, bu yerdagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat to‘liq g‘arb koalitsiyasi zimmasiga yuklangandi. Bu jarayon 2021 yilga qadar davom etdi.
Afg‘oniston iqtisodiyotiga har yili bir necha o‘n milliardlab sarmoya kiritish – G‘arbning Afg‘onistonda davlatchilik shakllantirish bo‘yicha strategiyasining asosi edi.

O‘tgan yili Afg‘onistonda hokimiyatga toliblarning kelishi bu jarayonni to‘xtatdi. Ya’ni Afg‘oniston shu paytgacha ichkaridan ishlab chiqaruvchi, raqobatbardosh iqtisodiy tizim yarata olmagandi.
Hokimiyatga kelishi arafasida toliblarga AQSh tomonidan ancha jiddiy va ratsional shartlar qo‘yilgan. Hali ham muzokaralar davom etyapti. Hozir esa tashqi dunyoning Afg‘onistonga berib kelingan yordamlari to‘xtatilishi oqibatida o‘ta og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yuzaga keldi.
Bugungi kunda dunyo hamjamiyatining bor e’tibori Ukrainaga qaratilgani tufayli Afg‘onistonga e’tibor pasayib ketdi. Lekin bu degani Afg‘onistondagi inqiroz o‘z yechimini topyapti degani emas.
Suhrob Bo‘ronov:
— Darhaqiqat, ayni paytda Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat o‘ta keskin. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Afg‘oniston aholisining qariyb teng yarmi – 23 millionga yaqin kishi gumanitar inqiroz sharoitida kun kechirmoqda. Bu esa Amerikaning Afg‘onistondan chiqib ketishi va ayniqsa, mamlakatning xorijdagi 8 mlrd dollarga yaqin davlat aktivlari muzlatib qo‘yilishi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, bugunga kelib mintaqaning katta salohiyatga ega bir qator davlatlari tomonidan Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan yordamlar ham to‘xtab qoldi. Masalan, Hindistondan kelayotgan yordamlar. Hindiston avvalroq – Ashraf G‘ani hokimiyati paytida Afg‘onistonga yordam yetkazish bo‘yicha dunyoda beshinchi va mintaqada birinchi davlat edi.


















