Jahon | 22:33 / 11.04.2022
45882
10 daqiqa o‘qiladi

Urushning 47-kuni: Luhanskda otishmalar, Yevroittifoq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda

Luhansk oblastida otishmalar kuchaydi, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi muhokama qilinmoqda, Belarusda temiryo‘l orqali tashilayotgan harbiy texnikalarni ko‘rishgan, Rossiya tomoni Slovakiya Ukrainaga yetkazib bergan havo hujumidan mudofaa tizimlari yo‘q qilinganini aytdi, slovaklar buni rad etmoqda.

Foto: Getty Images

Shtablar ma’lumotlari
Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi bir kunda Ukrainada yana 78 ta harbiy obektlar yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Xususan, Xerson oblastida ukrainlarning Mi-24 rusumli harbiy vertolyoti urib tushirilgan. Shuningdek, Velikaya Novoselovka aholi punktida esa Ukraina qurolli kuchlarining ta’mirlash bazasi, jumladan «Buk-M1» zenit-raketa kompleksi yo‘q qilingani, Izyum shahri atrofida esa ukrainlarning Su-25 rusumli ikki samolyoti urilgani aytilgan. Donbassda RF armiyasi 9 tank, 5 ta «Akatsiya» rusumli o‘ziyurar gaubitsasi, 5 ta «Grad» baravar o‘t ochish tizimi va «60 nafardan ortiq natsionalistlar» yo‘q qilingani qo‘shimcha qilingan.

Shuningdek, harbiylar 10 aprel kuni «Kalibr» raketalari bilan Dnepropetrovskning janubidagi hududda «Kiyevga Yevropadagi davlatlardan biri tomonidan yetkazib berilgan S-300 divizioni qurilmalari saqlanayotgan angarga yo‘llangani, 4 ta S-300 tizimi va shaxsiy tarkibdan 25 nafarga yaqin kishi yo‘q qilingani» haqida xabar berishgan.

Ukrainaga S-300 tizimlari yetkazib berilishi haqida juma kuni Slovakiya hukumati e’lon qilgandi.

Slovakiya bosh vaziri Eduard Heger 10 aprel kuni tvitterdagi sahifasida shunday yozgan: «Slovakiya Ukrainada S-300 mudofaa tizimlari yakson etilganini qat’iyan rad etadi. Bu yolg‘on. Ukraina tomoni rasman tasdiqlaydi».

Ukraina bosh shtabi ham rossiyaliklarning yo‘qotishlari to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Unga ko‘ra, 24 fevraldan buyon Rossiya harbiylarining yo‘qotishlari halok bo‘lganlar va yaralanganlar qo‘shib hisoblanganda 19,5 mingdan oshadi. Rossiya armiyasi 725 tank va 1923 ta jangovar mashinalarini, 347 ta artilleriya tizimlari, 154 samolyot, 137 vertolyot va yetti kemasini yo‘qotgan.

Urush sharoitida tomonlarning rasmiy ma’lumotlarini mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Luhansk oblastidagi zarbalar

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Luhansk oblastidagi vaziyat haqida ma’lumot berdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kunda Kreminnaga berilgan zarbalar oqibatida uch kishi yaralangan - ular shifoxonaga yotqizilgan.

Severodonetskda ko‘p kvartirali turar joy shikastlangan. Shuningdek, otishmalar vaqtida xususiy tibbiyot markazi, bir necha ko‘p qavatli uylar, xususiy turar joy binolari va maktab binolari yonib ketgan.

Zolotoye shahriga yo‘llangan zarbalar oqibatida sport obekti tomlari, Lisichanskda - xususiy uylar tomlari zararlangan.

Ukrainada harbiy harakatlar mamlakat sharqi va janubiga siljimoqda. Mart oyi oxirida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu «harbiy amaliyotning ikkinchi bosqichi»da rossiyalik harbiylar asosiy e’tiborni «Donbassni ozod etish»ga qaratishini ma’lum qilgandi.

Bu vaqtda Ukraina sharqidagi ayirmachilar Ukraina hukumati harbiylariga qarshi kurash kuchaytirilayotgani haqida aytgan.

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» rahbari Denis Pushilin tinch aholi «vaziyat asiri»ga aylanayotgani uchun amaliyotni «faollashtirishi» haqida gapirgan.

Belarusda Rossiyaning og‘ir qurollarining harakati kuzatildi

Ukraina taraf bo‘lgan «Belorusskiy xayun» telegram-kanali xabar qilishicha, yakshanba kuni Belarusda temiryo‘l orqali rossiyaliklarning harbiy texnikalarini tashish harakatlari  qayd etilgan.

Xabar qilinishicha, Minskdagi temiryo‘l stansiyalarida, shuningdek Belarus janubi-sharqidagi hududlarda, jumladan, Kalinkovichi, Xoyniki va Shimoliy Gomeldagi stansiyalarda harbiy texnikalar ortilgan poyezdlarni ko‘rishgan.

Mamlakat janubi-sharqidagi Rechitsa temiryo‘l stansiyasida ham yuk mashinalari va tanklar ortilgan poyezd turganiga guvoh bo‘lishgan. Shuningdek, stansiyada zenit-raketa komplekslari,  zirhli mashinalarni yuklash uchun tayyorlashmoqda.

Belarus g‘arbidagi Baranovichi aerodromidan oltita qiruvchi va transport samolyotlari uchib ketgan, Minsk yaqinidagi Machulishidan esa bir necha rus vertolyotlari havoga ko‘tarilgan.

Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi urushda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ittifoqchilik qilmoqda, mamlakatda bosqindan oldin qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tgandi.

Mariupoldagi o‘n minglab qurbonlar

Zelenskiy Janubiy Koreya parlamentiga murojaat qilmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Janubiy Koreyaga harbiy yordam so‘rab murojaat qildi. U Janubiy Koreya parlamentida videoaloqa orqali so‘zga chiqib, bir qancha qurol-yarog‘ so‘ragan.

«Bizga havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak, samolyotlar, tanklar, boshqa zirhli texnikalar, artilleriya tizimlari va o‘q-dorilar kerak. Sizda esa bizga zarur narsalar bor»,  dedi u.

Avvalroq Janubiy Koreya mudofaa vaziri So Uk Ukrainaga qurol yetkazib berish imkoniyatini rad etgandi. Bungacha Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi rahbari Seul Kiyevga gumanitar yordam yetkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, Zelenskiy Rossiya qo‘shinlari qamalida qolayotgan Mariupolda bir oydan oshiq vaqt davomida o‘n minglab odamlar halok bo‘lganini aytdi. 

U Rossiya yangi hujum boshlash uchun yana o‘n minglab harbiylarini yig‘ayotganini aytib o‘tgan. Katta ehtimol bilan rossiyaliklarning Donbassda keng ko‘lamli hujumga o‘tishga tayyorlanayotgani nazarda tutilgan.

Yevroittifoqning sanksiyalar ro‘yxatida - Rossiyaning 21 aviakompaniyasi

Yevropa komissiyasi press-relizidan ma’lum bo‘lishicha, ro‘yxatdan Rossiyaning barcha yirik aviakompaniyalari o‘rin olgan - «Aeroflot», «Pobeda», S7, UTair.

Unga juda kichik kompaniyalar ham, jumladan «Yoqutiston havo yo‘llari» va Uzoq Sharqdagi parvozlarni amalga oshiruvchi «Avrora» ham kirgan. Ularning barchasiga Yevroittifoq mamlakatlariga uchish va uning havo kengliklaridan foydalanish taqiqlanadi.

Press-relizda qayd etilishicha, bu yangi sanksiyalar emas, balki Rosaviatsiyaning Rossiyada samolyotlardan parvozga yaroqlilik to‘g‘risidagi sertifikatlarsiz foydalanish qaroriga (sanksiyalar sharoitida bunday sertifikatlarni olish imkonsiz) javob hisoblanadi.

O‘zaro sanksiyalar tufayli Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi aviaqatnovlar deyarli to‘liq to‘xtab qolgan. Ukrainada esa xavfsizlik nuqtayi nazaridan aviaqatnovlar butunlay to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini muhokama qilishni boshladi. Bu haqdagi ma’lumotni Yevropaning bir necha mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari CNN telekompaniyasiga tasdiqlagan.

Muhokamalar yopiq rejimda kechmoqda, ammo hech kim muhim masala - Rossiya energetika sektoriga qarshi sanksiyalar ekanini yashirmayapti. AQSh va Buyuk Britaniya bu haqda e’lon qilib bo‘lgan, ammo bu mamlakatlar iste’molida Rossiya nefti va gazi u qadar katta ulushga ega emas, Germaniyada esa gaz iste’molining taxminan 50 foizi Rossiyadan importga bog‘liq hisoblanadi.

Germaniya Xalqaro jinoyat sudiga qo‘shimcha 1 mln yevro ajratdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok mamlakat Xalqaro jinoyat sudini qo‘shimcha 1 mln yevro bilan qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Uning aniqlik kiritishicha, Ukrainadagi urush vaqtida sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tekshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirishga zarurat tug‘ilgan.

Harbiy jinoyatlar ehtimoli yuzasidan 42 mamlakat Xalqaro jinoyat sudiga murojaat qilib ulgurgan. Ukraina ham o‘zi mustaqil ravishda Xalqaro jinoyat sudi uchun dalillar to‘plashga kirishgan.

«Turli jinoyatlar bo‘lgan va gap nafaqat genotsid haqida, balki zo‘rlash, genotsid bilan bog‘liq bo‘lmagan holatda tinch aholini o‘ldirish, mulklarni o‘g‘irlash holatlari haqida ham ketmoqda. Bularning barchasi harbiy jinoyatlar bo‘lib, Haagadagi Xalqaro jinoyat sudida ko‘rilishi kerak», degan Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska.

Urush jinoyatlarini tergov qilish Xalqaro jinoyat sudi vakolatiga kiradi, Ukraina esa bunga katta umid bog‘lagan. Biroq sud faqat aniq shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish va ularning shaxsiy jinoiy javobgarligini belgilash mumkin bo‘lgan ishlarni tekshiradi. Bundan tashqari, sud sirtdan hukm chiqarmaydi.

Ayni vaqtda Ukrainaga fransuz jandarmlari ham yetib kelgan, Fransiyaning Ukrainadagi elchisi Eten de Ponsenning ma’lum qilishicha, ular harbiy jinoyatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadi.

Ukraina bir necha bor Rossiyani rus harbiylari Kiyev oblastini ishg‘ol etib turgan davrda - Bucha, Gostomel, Irpin va Borodyankada harbiy jinoyatlar sodir etilishida ayblagan. Rossiyalik harbiylar Buchadan olib ketilgach, shahar hududida juda ko‘p tinch aholi vakillarining jasadlari topildi, bir necha o‘nlab kishilar ko‘chalarda otib tashlangan.

Mavzuga oid