O‘zbekiston | 12:55 / 12.04.2022
5787
11 daqiqa o‘qiladi

Davlat dasturi tegishli bandlarining 2022 yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan «O‘zkimyosanoat» AJ ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Foto: Uzkimyosanoat

Joriy yilning 11 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tegishli bandlarining 2022 yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan «O‘zkimyosanoat» AJ ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyat boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov, boshqaruv raisining o‘rinbosari E.Korjikov, departament, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Anjumanda davlat dasturi tegishli bandlarining 2022 yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan aniq va batafsil ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar ham namoyish qilindi. Matbuot anjumanida quyidagi ma’lumotlar taqdim etildi:

Sanoat ishlab chiqarishi. 2022 yil yanvar-mart oylarida “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari tomonidan amaldagi narxlarda 2878,9 mlrd so‘mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi yoki davr prognoziga nisbatan 113,9 foiz, 2021 yilning mos davriga nisbatan ishlab chiqarishdagi o‘sish sur’ati 105,2 foizni tashkil qildi.

2022 yil yanvar-mart oylarida sof holda 305,11 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarildi.

Eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi. 2022 yilning yanvar-mart oylarida jami 99,3 mln dollarlik mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi. Asosiy eksport hajmi Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Xitoy, Afg‘oniston va Tailand yo‘nalishlari bo‘yicha (66,6 foiz) amalga oshirilgan. Shu bilan birga, kaliy mahsuloti eksportining asosiy qismi Yaponiya va Tailand davlatlariga (56,8 foiz), kalsinatsiyalangan soda mahsulotining eksporti esa Tojikiston, Afg‘oniston va Xitoy davlatiga (91,4 foiz) to‘g‘ri keldi.

2022 yilning I choragida investitsiya o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari 44,5 mln dollarni (rejaga nisbatan 100,1 foiz) tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 137 foiz ko‘p (2021 yil I choragida 32,4 mln dollar) investitsiyalar o‘zlashtirilishiga erishildi. Joriy yil yakuniga qadar jami 17 ta loyihalar doirasida 402,7 mln dollar miqdorida investitsiyalarni, shundan 363,6 mln dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy mablag‘larni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

2022 yilning 3 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent viloyatida Chirchiq kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-116-son qarori qabul qilingan bo‘lib, hozirda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixanovlar ishtirokida «Chirchiq» Kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tataristonning plastik ishlab chiqaruvchi «VR-Plast», o‘simliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqaruvchisi «Bionovatik» va biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqaruvchi «Naturalnoye zdorove» kompaniyalari texnoparkning birinchi rezidentlari bo‘lishdi.

Texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar bo‘lib, birinchi bosqichda 14 ta korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilyapti. Bu yerda 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Texnopark to‘liq ishga tushishi natijasida 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni tashkil etiladi va yiliga 15 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Buning uchun Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy kabi dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan olib kelinadigan zamonaviy asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Barcha sanoat tarmoqlari ekologik talablarga javob beradi. Texnopark hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun o‘rnatilgan alohida soliq, bojxona va valuta rejimlari amal qiladi.

2035 yilgacha kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturi ishlab chiqildi va qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Qaror loyihasida kimyo va gaz-kimyosi sohalarini rivojlantirish va tabiiy gazni qayta ishlash darajasini tarmoq korxonalari negizda gaz-kimyo texnologik klasterlarini tashkil etish orqali 8 foizdan 20 foizga yetkazish natijasida kimyo sanoatida 2 mlrd AQSh dollarlik mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda “O‘zkimyosanoat” AJ negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish natijasida uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlab, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga erishiladi. Natijada qiymati 450 mln dollarga teng tabiiy gazni chuqur qayta ishlab olinadigan yangi turdagi kimyo mahsulotlar qiymati 3 milliard 900 million dollardan oshadi. Kimyo klasterlarida ishlab chiqariladigan kimyoviy xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarni sanoatining boshqa tarmoqlarida qayta ishlash natijasida yangi mahsulotlar qiymati 43,4 trln so‘mdan oshib, qo‘shilgan qiymat

2 barobarga ko‘payadi. Xususan, kimyoviy xomashyolarni avtosanoat tarmog‘ida qayta ishlash orqali qiymati 6,7 trln so‘mga teng 6 turdagi yangi mahsulotlar, qurilish sohasida qiymati 7,6 trln so‘mlik 11 turdagi mahsulotlar, charm sanoatda 5,4 trln so‘mdan oshiq 5 turdagi yangi mahsulotlar, sanoatning boshqa tarmoqlarida qiymati 23,7 trln so‘mga teng 53 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi PQ-4992-son qaroriga muvofiq “Farg‘onaazot” AJ ustav kapitalidagi davlat va “O‘zkimyosanoat” AJning yirik aksiya ulushi hamda “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ustav kapitalidagi “O‘zkimyosanoat” AJning yirik aksiya ulushi xususiylashtirilishi belgilanib, Qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:

“Farg‘onaazot” AJni xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish uchun yetakchi konsultant etib “Deloitte” xalqaro konsalting kompaniyasi; aktivlarni baholash ishlarini amalga oshirish uchun “KPMG” xalqaro auditorlik kompaniyasi belgilangan tartibda tanlab olingan va hozirda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qaror talablariga muvofiq ushbu davlat aktivini sotish jarayonlariga Davaktiv agentligining strategik konsultanti sifatida Xalqaro moliya korporatsiyasi jalb etilib, u bilan joriy yil fevral oyida texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi.

2021 yilning 10 dekabr kuni tegishli ulushlarni (99,02 foiz) ochiq tanlovlar orqali sotish bo‘yicha e’lon berilib, potensial investorlardan qiziqish bo‘yicha arizalar (Expression of interest) olish jarayoni boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 dekabrdagi qarori bilan “Dexqonobod kaliy zavodi” AJdagi aksiyalar paketini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, mazkur chora-tadbirlarga muvofiq “Farg‘onaazot” AJ va “Dehqonobod kaliy zavodi” AJning ustav kapitalidagi aksiya paketlarini xususiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Ishchi guruhi shakllantirildi. Sotish jarayoniga yetakchi konsultant sifatida “Deloitte”, baholash ishlariga - “KPMG” kompaniyalari belgilangan tartibda tanlab olingan va jalb etilgan. Hozirda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasini strategik konsultant sifatida jalb etish shartlari kelishildi. Xususiylashtirish jarayonining shaffofligini ta’minlash hamda savdo jarayonlarini yanada yuqori raqobat muhitida tashkillashtirish maqsadida Jamiyatning aksiya ulushi narxini  kon zaxiralarining (Tubegatan kaliyli tuz koni) JORC standartlari asosida tahlil qilish va baholash uchun xalqaro nufuzga ega bo‘lgan DMT group injiniring konsalting kompaniyasi tanlab olindi.

Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakuni bo‘yicha «O‘zkimyosanoat» AJ natijalari.

Kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish maqsadida joriy yilning 24-26 mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumida “O‘zkimyosanoat” AJ ham qatnashdi. Forum doirasida qiymati 1 mlrd dollardan ortiq 5 ta investitsiya loyihalarini hamda qiymati 127,5 mln dollarga teng kimyoviy mahsulotlar eksport shartnomalarini amalga oshirish yuzasidan shartnomalar imzolandi. Jumladan, Navoiy viloyatida kaliy nitrat va kaliy sulfat, Toshkent viloyatida fosforli mineral o‘g‘itlar hamda Chirchiq shahrida o‘simliklarni himoya qilishga mo‘ljallangan kimyoviy vositalar ishlab chiqarish va kimyo texnologik klasteri uchun quvvati 800 MVtga teng zamonaviy energoblok qurish loyihalari doirasida 2022-2027 yillarda jami 995,0 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirilib, loyihalar ishga tushirilishi natijasida 1 166 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va 10 dan ortiq kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilishi ta’minlanadi.

Forum doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan «Kimyo innovatsiyalari» mavzusida tashkil etilgan «Biznes Nonushta»da Yaponiyaning «Mitsubishi» va «Toyota Tsusho Corporation», Germaniyaning «Siemens Energy», Fransiyaning «EDF», Singapurning «Indorama Group», Saudiya Arabistonining «Sabic», Avstriyaning «Bowas» hamda boshqa ko‘plab chet el kompaniyalarning 100 dan ortiq vakillari, xorijiy va mahalliy investorlarga kimyo sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali yuqori likvidli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar “road show” taqdimoti o‘tkazildi. “Biznes nonushta” davomida xorijiy kompaniyalar va xalqaro ekspertlar tomonidan qator taqdimotlar o‘tkazilib, hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Toshkent xalqaro investitsiya forumi kimyo sanoati uchun investorlar va hamkorlarni jalb qilish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.

Telegram: https://t.me/uzkimyosanoat

«O‘zkimyosanoat» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid