O‘zbekiston | 19:54 / 14.04.2022
31166
9 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston men o‘ylagandan yaxshiroq ekan” - Toshkentga kelgan rus va belarus dasturchilari

“Men uchun Skype ishlamagani kutilmagan hol bo‘ldi”. “Kelganingizdan keyin 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmasangiz, jarimaga tortisharkan”. “Davlat maktablarida sinfda 40-45talab bola o‘qirkan”. “Ingliz tilida dars beriladigan universitetlar ko‘pligini ko‘rib hayron qoldim”. O‘zbekistonga ko‘chib kelgan Rossiya va belaruslik aytichilar Kun.uz'ga o‘z taassurotlari haqida so‘zlab berishdi.

Ukraina-Rossiya mojarosi fonida O‘zbekistonga Rossiya va Belarusdan ayti mutaxassislar oqimi kuchaydi. Bugun, 14 aprel kuni prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, yil boshidan beri xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassis kelgan.

Kun.uz Toshkentdagi IT-parkda bo‘lib, rossiyalik va belaruslik mutaxassislarning O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini tingladi.

“Davlat maktablarida bir sinfda 40-45 talab bola o‘qirkan, buni bilib qo‘rqib ketdim”

Maksim Belov, EPAM Systems katta dasturiy muhandisi:

— Boshida ishimni Belarusda boshlaganman. 4 yildan ko‘proq vaqtdan beri EPAM ayti kompaniyasida ishlayman. Ilgari dasturchi sifatida ishlagan bo‘lsam, endi yirik xalqaro kompaniya loyihalarida menejyer sifatida faoliyat yurityapman.

Men oilam uchun tinch joy topish muammosini hal qilishim kerak edi, fevral oyi oxirida buni hal qildim va Toshkentga keldim. Tinch yashash va farzandlarim tinch o‘qishi uchun yaxshi joy kerak edi, men O‘zbekistonni bilardim, bu yerda bir yildan ortiqroq vaqt davomida yashaganman. O‘sha vaqtda o‘zbekistonlik dasturchilar bilan tanishganman. Bir yildan ziyod o‘zbekistonliklar bilan ishlaganman.

Oldimda tezda Polsha yoki O‘zbekistondan birini tanlash majburiyati turardi va men O‘zbekiston yaxshi joy deb hisoblab uni tanladim. Chunki bu yerda menda madaniy adaptatsiya bor edi, bu yerda rus tilida gapiraman, 10 foiz bolalar rus maktablarida o‘qishadi, bolalarim allaqachon xususiy rus maktablarida o‘qishni boshlashdi.

Davlat maktablarini ham ko‘rdik, shunchaki davlat maktablarida bir sinfda 40-45talab bolalar o‘qisharkan. Men, ochig‘i, qo‘rqib ketdim va bolalarimni balans normal bo‘lgan xususiy maktabga berdim.

Bu yerga kelishdan oldimizga ikkita maqsad qo‘yganmiz. Birinchisi – Python dasturlash tilini O‘zbekistonda keng o‘rgatish. Ikkinchisi – PAN kurslarni yo‘lga qo‘yish. Biz oxirgi chorakda rus va ingliz tillarida o‘rgatuvchi ikkita foundation – o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yishga ulgurdik.

Kelajakda bundan ham qiziqarli tadbirlarni rejalashtirganmiz. Kompaniyamiz, bo‘limimizning va mening maqsadlarimiz bir, ya’ni bu yerda Python'ni rivojlantirish.

Yurtingiz, ayniqsa Toshkent meni yaxshi ma’noda hayratlantirmoqda. Bir-biriga mehr-oqibatli odamlar ekan. Yaqinda turmush o‘rtog‘im farzandimni ko‘chada aylantirib yurganda bexosdan bolam yiqilib tushdi. Mart oyi – yomg‘irli ob-havo edi. Shunda atrofdagi hamma yordamga keldi. Kimdir salfetka bilan, kimdir qo‘lidagi sochiq bilan bolani artintirgan, kimdir hol so‘ragan. Bo‘lmasa, havo unaqa sovuq emas edi.

Shuningdek, bu yerda madaniy turfaxillikni ko‘rish mumkin. Barcha din va millat vakillariga birdek munosabat ko‘rsatiladi. Bu – eng zamonaviy mamlakatlardagi kabi yondashuvni eslatadi.

“Mijozlar Rossiya va Belarus bilan ishlashni xohlamayapti, shu sababli ayti kompaniyalar ofislari yopilmoqda”

Vladimir Kuznetsov, Exadel dasturiy muhandisi:

— Bu yerda ovqatlar ham ajoyib, taomlar juda mazali, Rossiyadagi narxlari bilan solishtirganda arzon. Xo‘sh, kelishimning maqsadini umumiy aytaman. Agar Rossiyada hozir ko‘plab kompaniyalar, ayniqsa xorijiy kompaniyalar yopilayotgan bo‘lsa, mutaxassislar ishini davom ettirishni xohlashadi. Ammo Rossiya va Belarusdagi ofislari yopilyapti. Kompaniyalarning o‘zlari shunchaki ketayotgani yo‘q, mijozlar Rossiya bilan ishlashni xohlamaydi. Shuning uchun kompaniyalar yopilyapti. Agar siz o‘z kompaniyangizda ishlashda davom etishni istasangiz, dislokatsiya qilishingizga to‘g‘ri keladi.

Men yurtingizga kelganimga ko‘p bo‘lmadi, ammo ilk taassurotlar ijobiy. Hamma narsa menda ijobiy taassurot uyg‘otyapti. Masalan, bu yerda rus tilida gaplashadiganlar va tushunadiganlar juda ko‘pchilikni tashkil qilar ekan. Bu sizning yurtingizda ishlashni xohlovchilar uchun katta afzallik. Bunday zamonaviy ofislarning ish sharoitlari menga ham yoqdi. Xuddi Yevropadagi yoki Rossiyadagi kabi shart-sharoitlar yaratilgan.

Mamlakatingizda ayti sohasi juda yaxshi rivojlanmoqda, bu yo‘nalishga katta sarmoya kiritilmoqda, menimcha, bu yerda katta istiqbolni ko‘rish mumkin. Men bu yerda ayti sektori rivojlanishiga ishonaman. Hamma davlatlar haqida ham bunday fikr bildira olmayman. Chunki O‘zbekistonda bu sohada yetuk mutaxassislar bor ekan.

O‘zbekistonda qanday muammoga duch kelganim haqida gapirsam, uy topish muammo bo‘lmadi, tezda topildi. Ammo 3 kundan so‘ng biror mehmonxona yoki boshqa joyda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, jarima to‘lashga to‘g‘ri kelarkan. Bu 100 dollardan boshlanib, vaqtga qarab oshishi mumkin.

“...iston” bilan tugaydigan davlatlardan ko‘p narsa kutmagandim, lekin…”

Dmitriy Pak, iTechArt guruh menejyeri:

— Mening ismim Dimitriy Pak. Men 10 yildan beri testlashtirish sohasidaman, hozir iTechArt'da test bo‘limi boshlig‘iman. Xullas, 10 yildan beri shu bilan shug‘ullanaman. Biz martning boshida Belarusdan ketishga qaror qildik, bizga o‘xshaganlar ko‘p, bizning kompaniyadan 600tagacha odam Toshkentda keldi.

Biz qanday Toshkentni tanladik? Variantlar ko‘p edi: Litva, Polsha, Ukraina, Belorussiya, Gruziya va O‘zbekiston. Toshkentni afzal bilganimiz bejizga emas, chunki yaxshi iqtisodiy sharoitlar, past soliqlar bor, park (IT-park) ham o‘zida bor, kompaniyalar uchun juda ko‘p ishlar qilib beradi hamda bu yerda ta’lim va universitet nuqtayi nazaridan katta perspektivalar bor. Men ingliz tilida o‘qitadigan universitetlar va u yerda o‘qiydigan aqlli odamlar sonini ko‘rib, hayron qoldim.

Umuman olganda, Toshkent, O‘zbekistondan hech narsa kutmagandim. Chunki bir stereotip bor, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, …iston bilan tugaydigan joylar baribir Osiyo, biz ko‘nikkan Yevropa, deylik Belarus emas, deb o‘ylagandim. Shuning uchun past baholagandik, lekin kelganimdan so‘ng men o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq narsalar yoqdi.

IT-mutaxassislar bilan muammolar bor, lekin ular katta emas. Bu muammo nimalarda? Ta’lim – bor, lekin tajriba, aynan xalqaro kompaniyalarda ishlash tajribasi bor odamlar yetarli emas. Sizlarda o‘z mahsulotlaringiz bor: Paynet, UzCard. Biz aynan o‘sha yerdan mutaxassislar olyapmiz, lekin ularda aynan g‘arb buyurtmachilari bilan ishlash tajribasi boshqacharoq. Alohida xususiyatlari bor, shularni o‘rgatish uchun stajirovkalar tashkil qilyapmiz.

Twitter, Skype'ga kelsak, men uchun Skype ishlamagani kutilmagan bo‘ldi. Keyin 2 haftada uni yoqishdi. Men “IT-park shularga ham qodir ekanmi?” deb o‘yladim, bu juda ham kutilmagan va noodatiy bo‘ldi. Twitter'dan foydalanmaymiz, TikTok'ka kelsak, 30 yoshdaman, undan foydalanmayman. Katta muammolar bo‘lmadi, yagona Skype bilan bo‘lgan muammoni ham yechib berishdi.

Bu yerda Belarusdek infrastruktura bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi. Belarusda ta’lim markazlari yetarlicha, IT-mutaxassislar o‘qiydigan 30ga yaqin markazlar bor. Odamlar universitetdan keyin borib o‘qishadi, biz u yerdan mutaxassislarni olamiz. Sizda ham bular ko‘p, biz bitiruvchilarni ishga olishimiz uchun IT-park va markazlar o‘rtasida ochiq eshiklar kuni qilish kerak.

Biz Belarusda universitetlar bilan ko‘p hamkorlik qilamiz. Shunaqa ko‘prik tashkil qilish uchun ochiq vakansiyalar yarmarkasida qatnashdik. Ba’zi talabalar bilan suhbatlashdik. Xohlardimki, dasturlashni dasturchi o‘rgatadigan laboratoriya tashkil qilinsa. Bu talabalar uchun yetarli darajada qiziqarli imkoniyat, menimcha.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid