O‘zbekiston | 07:48 / 16.04.2022
7690
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi qaysi tumanlarda aholi yo‘llar yomonligidan ko‘proq shikoyat qilishi ma’lum bo‘ldi

Xalq Nazorati xizmati orqali yo‘llarni ta’mirlash uchun qoldirilgan arizalar haqida ma’lumot berildi. Toshkent shahar hokimligi tegishli xabar bilan chiqdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, “Raqamli Toshkent” majmuasining Xalq Nazorati elektron portali 2021 yilning 16 fevral kuni ish boshlagan. Servis shahar aholisining poytaxt infratuzilmasi, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalaridagi muammolarini hal qilish uchun tashkil etilgan.

Hokimning Xalq Nazorati orqali yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha arizalarni yuborish taklifidan keyin, kundalik murojaatlar soni uch barobarga oshgani aytiladi.

13 va 14 aprel kunlarining o‘zida 546 ta murojaat tushgan bo‘lib, 373 tasi yo‘llarni ta’mirlash masalasiga tegishli.

Poytaxt tumanlari kesimida 373 ta arizaning taqsimlanishi: Yashnobod tumani (71) va Mirzo Ulug‘bek (55) tumanlari aholisidan eng ko‘p murojaat tushgan, eng kam murojaatlar Yangihayot (6), Sergeli (9) va Bektemir (10) tumanlariga tegishli.

Bundan oldin Ortiqxo‘jayev Toshkent yo‘llaridagi barcha chuqurlarni 10 kun ichida bartaraf etishga topshiriq bergandi.

Mavzuga oid