Namangan shahridagi Prezident maktabining 10-sinfida o‘qiyotgan Go‘zalxon Haydarova 3 yil oldin shahardagi 5-DIMIda o‘qirdi. 5-sinfgacha rus maktabida tahsil olgan Go‘zal aniq fanlarni a’lo baholarga o‘qigan. 2019 yilda Prezident maktabiga o‘qishga qabul qilingach, fizika va informatika fanlarini yana ham chuqurroq o‘rgana boshlaydi.
Aniq fanlar yo‘nalishida o‘tkaziladigan xalqaro Vanda olimpiadasida oltin, American Math Olympiad (AMO) va American Mathematics Competition (AMC) olimpiadalarida kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
“Aniq fanlar ortidan, aerokosmik tadqiqotlarga qiziqishim boshlandi. Ayniqsa aerokosmik muhandislik men uchun juda qiziqarli olam. Keyin shu sohani o‘rganishni boshlashdim”, – deydi u.

Nano sun’iy yo‘ldoshni uchirishda ishtirok etgani haqida
Qahramonimiz YUNISEF, Tech4Impact va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishga tushirilgan UniSet xalqaro ta’lim dasturida ishtirok etgan.
Bu dasturda 4 oy davomida dasturlash, muhandislik, ma’lumotlarni tahlil qilish, dizaynerlik, nanoyo‘ldoshni yig‘ish, jamoada ishlash va loyihalarni boshqarish ko‘nikmalari o‘rgatilgan. Yakunda stratosferaga nano sun’iy yo‘ldoshni uchirish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritgan. Va Almatidagi Al-Farobiy universitetida bu tajribani amalga oshirishda ishtirok etgan.
“Nanoyo‘ldoshni samoga olib chiqish uchun, – deydi Go‘zalxon, – raketa kerak. Qozog‘istonda nanoyo‘ldosh uchirganimizda uni SpaceX raketasi yordamida samoga olib chiqdik. Buning uchun SpaceX’ga 70 ming dollar to‘langan. Biz o‘zimiz 8 may kuni O‘zbekistondan turib stratosferaga nanoyo‘ldosh uchirmoqchimiz. Lekin bu tajriba maqsadida bo‘ladi”.

U xuddi shu nanoyo‘ldoshni ochiq samoga, stratosferadan yuqoriga ham uchirsa, Yerni kuzatib, iqlim, havoning ifloslanganlik darajasi kabi turli ma’lumotlarni olish va hatto buni boshqalarga sotish ham mumkinligini aytadi. Buning uchun nanoyo‘ldosh raketaga o‘rnatilib, ochiq samoga olib chiqilishi kerak. Lekin O‘zbekistonda hali bunday imkoniyat yo‘q.


















